O‘zbekiston va Xitoyni bog‘lovchi temiryo‘l liniyasi uchun yer ajratildi
Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Oqilbek Japarov “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘li uchun yer ajratilishi haqidagi qarorni imzoladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Oqilbek Japarov 2024-yilning oktyabr oyida qurilishi boshlangan “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temiryo‘li uchun yer ajratilishi haqidagi qarorni imzoladi.
Hujjat mazmuni
Administratsiyasi rahbari imzolagan hujjat Jalolobod shahridagi yer maydonlarini xalqaro loyihani amalga oshirish uchun transformatsiya qilishni tartibga soladi. Qarorda qishloq xo‘jaligi va suv fondi toifalaridan 44,29 gektar yerni “sanoat, transport, aloqa, energetika, mudofaa va boshqa maqsadlardagi yerlar” toifasiga o‘tkazish nazarda tutilgan. Jumladan, 36,55 gektar sug‘oriladigan ekin maydonlari, 7,54 gektar lalmikor yer, 0,2 gektar botqoqlar.
Qirg‘iziston tomonining bitimni ratifikatsiya qilishi
Iyun oyida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzolagandi. Yangi temir yo‘l Yevroosiyo kontinental ko‘prigining janubiy tarmog‘iga aylanadi va Janubi-Sharqiy, G‘arbiy Osiyo va Yaqin Sharq, jumladan Turkiya, keyin esa Yevropa Ittifoqi bozorlariga yo‘l ochadi.
Savdo aloqalari
"Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston" temir yo‘li loyihasi Markaziy Osiyo va Sharqiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida rejalashtirilgan bo‘lib, loyiha Xitoy, Qirg‘iziston va O‘zbekistonni temir yo‘l orqali bog‘lashni ko‘zda tutadi va ushbu uch davlatning iqtisodiy va savdo aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan.
Loyiha haqida
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi Oqilbek Japarovning ma’lum qilishicha, “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi 8 mlrd. dollarga baholangan. O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha uch davlat o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim 2022-yil sentyabr oyida Samarqandda imzolangan edi. Hujjatda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini o‘tgan yilning birinchi yarmida tayyorlash ko‘zda tutilgan. 2023-yil dekabr oyida XXR mutaxassislari yangi temir yo‘l yo‘nalishida dala ishlarini yakunlagan.



