$
 11913.35
14.26
€
 13328.66
30.24
₽
 142.39
0.86
weather
+26
Кечаси   +14°

Tomorqasida issiqxona qurganlarga 200 million so‘mgacha subsidiya beriladi

issiqxona

O‘zbekistonda tomorqasida issiqxona qurmoqchi bo‘lgan oilalarga davlat tomonidan yordam ajratiladi. Ayrim oilalar 200 million so‘mgacha subsidiya, issiqxona qurish yoki uni yangilash uchun esa 300 million so‘mgacha imtiyozli kredit olishi mumkin. Bundan tashqari, elektr xarajatlarining bir qismi ham davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu tartib Prezidentning 2026-yil 13-oktyabrdagi PQ-371-son qarorida belgilangan.

Kimlarga 200 million so‘mgacha subsidiya beriladi?

Subsidiya Toshkent viloyatida issiqxona yetishtirishga ixtisoslashgan 50 ta mahalladagi oilalarga ajratiladi. Mablag‘lar Kambag‘allikni qisqartirish maqsadli jamg‘armasi hisobidan beriladi.

Tomorqa va dehqon xo‘jaligi yeriga ega fuqarolar ham issiqxona qurish uchun imtiyozli kredit olishlari mumkin. Jumladan, “yashil” texnologiyalar asosida yangi issiqxona qurishga 300 million so‘mgacha, mavjud issiqxonani qayta jihozlashga esa 150 million so‘mgacha kredit ajratiladi. Bu kreditlar oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida beriladi.

Issiqxonalar uchun elektr xarajatlarining yarmi qoplanadi

2030-yil 1-yanvargacha tomorqadagi issiqxonalarni energiya tejovchi uskunalar bilan jihozlash xarajatlarining 40 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bunda bir martalik subsidiya 100 million so‘mdan oshmaydi.

Ushbu yordam Toshkent, Zangiota, Qibray, Yangiyo‘l va Yuqori Chirchiq tumanlari aholisiga beriladi. Mablag‘ni quyosh panellari, issiqlik nasoslari, infraqizil isitgichlar va boshqa energiya tejovchi uskunalarni sotib olish hamda o‘rnatishga sarflash mumkin.

Yana bir yengillik — 2026-yil 1-noyabrdan 2030-yil 1-aprelgacha issiqxonalarning oktabrdan martgacha ishlatgan elektr energiyasi xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.

Biroq bu imtiyozdan barcha issiqxonalar foydalana olmaydi. Buning uchun issiqlikni saqlovchi qoplamalar yoki energiya tejamkor isitish tizimlari o‘rnatilgan bo‘lishi kerak. Issiqlik nasoslari, geotermal va quyosh tizimlari, shuningdek, samarali elektr isitgichlar shular jumlasidan.

Issiqxona egalariga soliq bo‘yicha ham yengillik beriladi

Qarorga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi qo‘llanadi. Fermerlar va baliqchilik korxonalari o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarni sotishdan olgan daromadlari uchun ham foyda solig‘ining nol stavkasidan foydalanadi.

Daromadining kamida 60 foizini issiqxona faoliyatidan topadigan xo‘jaliklar esa 2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvargacha ijtimoiy soliqni atigi 1 foiz miqdorida to‘laydi.

Bundan tashqari, 2027-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvargacha bunday tadbirkorlar uchun yer va mol-mulk solig‘i stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.

Теги :
Jamiyat