$
 11813.09
-7.39
 13677.20
-88.93
 135.61
-1.9
weather
+26
Кечаси   +14°

Har besh o‘smirdan biri internetda jinsiy zo‘ravonlikka duch kelmoqda

teenager

YUNISEF tadqiqotiga ko‘ra, dunyoda 12–17 yoshdagi har besh o‘smirdan biri internetda jinsiy zo‘ravonlik yoki tegajog‘likka duch kelgan. 15 milliondan ortiq bola istalmagan jinsiy kontentni ko‘rgan, 9 million bola bunday suhbatlarga majburlangan. Yana 4 million bolaning suratlari ularning roziligisiz tarqatilgan. Tadqiqot 21 davlatdagi 21 ming nafar o‘smir orasida o‘tkazilgan.

15 milliondan ortiq bola istalmagan kontentga duch kelgan

Internetda bolalar duch kelayotgan xavf faqat nomaqbul video yoki suratlarni ko‘rib qolish bilan cheklanmaydi. Ayrim o‘smirlar jinsiy mazmundagi suhbatlarga tortilgan, ularga nomaqbul xabarlar yuborilgan yoki shaxsiy suratlari ruxsatsiz boshqalarga tarqatilgan.

2025-yil bo‘yicha keltirilgan ma’lumotlarda 15 milliondan ortiq bola istalmagan jinsiy kontentga duch kelgani aytiladi. 9 million bola bunday suhbatlarga majburlangan, 4 million bolaning suratlari esa ularning roziligisiz tarqalgan.

Bunday holatlar Facebook, WhatsApp va Instagram bilan birga Snapchat, TikTok, YouTube hamda onlayn o‘yinlarda ham uchragan. Yevropada o‘tkazilgan tadqiqotlarda esa o‘smirlarning 22 foizi internet orqali nomaqbul jinsiy mazmundagi xabarlar olganini bildirgan.

Har o‘n jabrlanuvchidan to‘rttasi bu haqda hech kimga aytmagan

Ko‘p bolalar internetda boshidan kechirgan noxush holat haqida ota-onasi yoki boshqa kattalarga aytmaydi. Tadqiqotda jabrlanganlarning 41 foizi bu haqda umuman hech kimga gapirmagani ko‘rsatilgan. Huquq-tartibot organlariga yetib borgan holatlar esa 1 foizdan ham kam.

Yana bir muhim raqam — tajovuzkorlarning 57 foizi bolaga oldindan tanish bo‘lgan. Ular orasida do‘stlar, oila a’zolari yoki yaqin munosabatdagi shaxslar bor. Begona odamlar bilan bog‘liq holatlar 16 foizni tashkil qilgan.

Bu raqamlar bolani faqat internetdagi notanish odamlardan ogohlantirishning o‘zi yetarli emasligini ko‘rsatadi. Bola kim bilan yozishayotgani, unga qanday xabarlar kelayotgani va noqulay vaziyatga tushganda kimga murojaat qilishi mumkinligini bilishi ham muhim.

Bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan himoya qilish talablari kuchaymoqda

YUNISEF hukumatlar va texnologiya kompaniyalarini bolalarning internetdagi xavfsizligini kuchaytirishga chaqirmoqda. Dunyoning turli davlatlarida voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash va platformalarga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirish masalasi muhokama qilinmoqda.

Avstraliyada 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishiga cheklov joriy qilingan. Buyuk Britaniya va Fransiyada ham voyaga yetmaganlarni zararli kontentdan himoya qilish bo‘yicha choralar kuchaytirilmoqda.

Asosiy talab platformalarning bolalar uchun xavfli materiallarni kamaytirishi, voyaga yetmaganlarning shaxsiy ma’lumotlarini yaxshiroq himoya qilishi va zo‘ravonlik holatlari haqida xabar berishni osonlashtirishiga qaratilgan.

Теги :
Jamiyat