Endi stipendiyalar faqat to‘liq taʼlim grantini yutgan talabalarga toʻlanadi
Talabalarga taʼlim granti bir oʻquv yili uchun ajratilishi rasman tasdiqlandi. Shuningdek, oliy ta’lim tizimiga bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

“Oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Taʼlim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisining 2024-2025-oʻquv yilidan boshlab oliy taʼlim tashkilotlari talabalariga davlat grantini ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant va taʼlim granti shaklida ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullandi.
Bakalavr va magistrlarga taʼlim granti bir oʻquv yili uchun ajratiladi
Quyidagilar belgilandi:
a) ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant qonunchilikda belgilangan imtiyoz boʻyicha davlat granti asosida va maqsadli qabul doirasida talabalikka qabul qilingan talabalarga, shuningdek, tarmoq va sohalarning, davlat organlari va tashkilotlarining grantlari sohiblari uchun ajratiladi;
b) taʼlim granti davlat buyurtmasi parametrlari doirasida oliy taʼlim tashkilotiga qabul qilingan talabalar uchun ajratiladi;
v) 2024-2025 oʻquv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga taʼlim granti bir oʻquv yili uchun ajratiladi.
Stipendiya faqat toʻliq taʼlim grantini yutgan talabalarga toʻlanadi
Qabul qilingan qarorlarga koʻra:
- taʼlim granti birinchi kursda oliy taʼlim tashkilotlariga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball toʻplagan talabalarga ajratiladi;
- taʼlim granti ikkinchi va undan keyingi kurslarda yuqori akademik reyting koʻrsatkichlariga erishgan va ijtimoiy faol talabalar orasida oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi;
- taʼlim granti tabaqalashtirilgan tartibda moliyalashtiriladi va stipendiya faqat toʻliq taʼlim grantini yutgan talabalarga toʻlanadi;
- ijtimoiy-ragʻbatlantiruvchi grant sohibi boʻlgan talabalarga davlat granti ularning oʻqish davri uchun toʻliq hajmda taqdim etiladi;
- taʼlim granti asosida tahsil olgan talabalarning oʻqishni tamomlaganlaridan soʻng kamida 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi.



