$
 11790.79
12.34
€
 13285.86
86.93
₽
 137.78
-0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentda 300 ga yaqin talaba tundayotoqxonadan chiqarib yuborildi: Ta’lim va ilm-fan vazirligi vaziyatga izoh berdi

talaba

Toshkent davlat texnika universitetining 300 nafarga yaqin talabasi 6-oktyabr kuni kechqurun yotoqxonadan chiqarilgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Xabarlarda binoni tark etishga majbur bo‘lganlar orasida qizlar ham borligi aytilgan. Ta’lim va ilm-fan vazirligi vaziyatga izoh berib, talabalar yashagan yotoqxona hali rasman foydalanishga topshirilmaganini ma’lum qildi.

Talabalar hali foydalanishga topshirilmagan binoda yashagan

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ushbu yotoqxona Toshkentdagi Talabalar shaharchasida joylashgan bo‘lib, Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida qurilgan. Ammo bino hali rasman foydalanishga topshirilmagan. Uning kadastr hujjatlari tayyor bo‘lmagan va talabalarni joylashtirish uchun zarur ruxsatlar ham olinmagan.

Amaldagi tartib bo‘yicha talaba yotoqxonaga shunchaki borib joylasha olmaydi. Buning uchun Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza topshirib, rasmiy yo‘llanma olish kerak.

Aniqlanishicha, tadbirkor ayrim talabalarni shu tartibga amal qilmasdan, yo‘llanmasiz binoga joylashtirgan. Yotoqxonada faqat TDTU talabalari emas, boshqa oliygohlarda o‘qiydigan yoshlar ham yashab kelgan. Binoda yashash uchun zarur sharoitlar ham hali to‘liq yaratilmagan. Xususan, issiq suv va isitish tizimlari to‘liq ishga tushirilmagan. Qurilish ishlari belgilangan muddatda yakunlanmagan, yotoqxonaning rasmiy ochilish marosimi ham hali o‘tkazilmagan.

Talabalar qayerga joylashtirildi?

Holat aniqlangach, xavfsizlikni ta’minlash uchun binoda yashayotgan barcha talabalarni chiqarishga qaror qilingan. TDTU talabalari universitetning mavjud bo‘sh yotoqxonalariga vaqtincha joylashtirilgan.

Binoda bo‘lgan boshqa oliy ta’lim muassasalarida o‘qiydigan talabalar tegishli mas’ullar orqali o‘z oliygohlariga qaytarilgan. Xorijiy talabalar ham yotoqxonada yashash uchun kerakli ruxsat hujjatlari bo‘lmagani sabab binodan chiqarilgan. Talabalarning yotoqxona uchun to‘lagan pullari ham qaytarilgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, tadbirkor ulardan olgan mablag‘larni to‘liq qaytarib bergan.

Ta’lim va ilm-fan vazirligi hamda TDTU esa talabalar bu binoga belgilangan tartibga amal qilinmasdan joylashtirilganidan oldindan xabardor bo‘lmaganini bildirdi.

Yotoqxona qachon talabalarni qabul qila boshlaydi?

Hozir yotoqxonani qonuniy ravishda ishga tushirish uchun kerakli hujjatlarni tayyorlash ishlari davom etmoqda. Binoning kadastr hujjatlari rasmiylashtirilishi va undan foydalanish uchun barcha zarur ruxsatlar olinishi kerak.

Shundan keyingina yotoqxona rasman foydalanishga topshiriladi va talabalarni belgilangan tartib asosida qabul qila boshlaydi. Hozircha esa hujjatlari to‘liq bo‘lmagan binoda talabalar yashashiga ruxsat berilmaydi.

Теги :
Jamiyat