$
 11797.46
22.54
 13608.37
20.11
 139.77
0.6
weather
+26
Кечаси   +14°

Har uch o‘zbekistonlikdan biri ijtimoiy tarmoqlarda keragidan ortiq vaqt o‘tkazmoqda

tadqiqot

Telefonni “bir daqiqaga” qo‘lga olib, yarim soat qanday o‘tib ketganini sezmay qolish ko‘pchilikka tanish. O‘zbekistonda o‘tkazilgan yangi so‘rov ham bu muammo ancha keng tarqalganini ko‘rsatdi. Unda qatnashganlarning har uch nafaridan biri ijtimoiy tarmoqlarda keragidan ko‘p vaqt o‘tkazayotganini tan olgan. Eng katta ta’sir esa uyqu, ish va o‘qishda sezilmoqda.

“Yuksalish” harakati va hamkor tashkilotlar o‘tkazgan so‘rovda O‘zbekistonning barcha 14 hududidan 1371 kishi qatnashgan. Ularning ijtimoiy tarmoqlarda qancha vaqt o‘tkazishi, nima uchun kirishi va buning kundalik hayotiga qanday ta’sir qilishi o‘rganildi.

Har uch kishidan biri vaqtini ko‘p sarflayotganini o‘zi tan oldi

So‘rov qatnashchilarining 33,4 foizi ijtimoiy tarmoqlarda kerakligidan ko‘proq vaqt o‘tkazayotganini o‘zi tan olgan. Ish yoki o‘qish kunlarida 37,3 foiz respondent kuniga ikki soatdan ko‘proq vaqtini ijtimoiy tarmoqlarga sarflaydi. Har sakkiz kishidan biri esa bu yerda kuniga to‘rt soatdan ham ko‘proq vaqt o‘tkazadi.

Dam olish kunlari telefon oldida o‘tirish yanada ko‘payadi. Bunday kunlarda ijtimoiy tarmoqlarga to‘rt soatdan ortiq vaqt sarflaydiganlar qariyb 20 foizga yetadi.

Ko‘pchilik vaqtini kamaytirishga ham urinib ko‘rgan. 511 kishi bunga erishgan bo‘lsa, 327 kishi urinishiga qaramay vaqtni qisqartira olmagan. Qiziq tomoni, respondentlarning 28 foizi bunga umuman ehtiyoj yo‘q deb hisoblaydi.

Kuniga ikki soatdan ortiq vaqt sarflaydiganlar orasida nafaqadagilar ulushi yuqori — 54 foiz. Uy-ro‘zg‘or ishlari bilan bandlarda bu ko‘rsatkich 43,7 foiz, talabalarda 32,7 foiz, maktab o‘quvchilarida esa 27,3 foizni tashkil qilgan.

O‘smirlarning uyqusi va o‘qishiga ham ta’sir qilyapti

Ijtimoiy tarmoqlarning eng sezilarli ta’sirlaridan biri uyquda ko‘rinmoqda. So‘rov qatnashchilarining 62,2 foizi ijtimoiy tarmoqlar uyqusiga ta’sir qilishini aytgan.

O‘smirlarda vaziyat yanada sezilarli. 13–17 yoshdagilarning 74,4 foizi ijtimoiy tarmoqlar uyqusiga ta’sir qilayotganini bildirgan. Qariyb har to‘rt o‘smirdan uchtasi esa telefon va ijtimoiy tarmoqlar o‘qish yoki uy vazifalarini bajarishga ham xalaqit berishini aytgan.

Ota-onalarning aksariyati farzandining internetdagi faoliyatini nazorat qiladi. O‘smirlarning 66,7 foizi ota-onasi ularni doimiy kuzatib borishini, 28,2 foizi esa vaqti-vaqti bilan nazorat qilishini bildirgan. 5,1 foiz o‘smir esa bu borada umuman nazorat yo‘qligini aytgan.

Kattalarda ham ta’sir sezilyapti. 18 yoshdan oshgan respondentlarning 58,1 foizi ijtimoiy tarmoqlar ishiga yoki kundalik vazifalarini bajarishiga ma’lum darajada xalaqit berishini bildirgan.

O‘zbekistonda Telegram yetakchi, asosiy muammo esa vaqt

So‘rovda O‘zbekistonda eng ko‘p ishlatiladigan ijtimoiy tarmoq va messenjer Telegram bo‘lib chiqdi — undan qatnashchilarning 88,9 foizi foydalanadi. Keyingi o‘rinlarda Instagram 73,5 foiz va YouTube 61,8 foiz bilan turibdi. Facebook’dan esa 24,7 foiz respondent foydalanishini aytgan.

Odamlar ijtimoiy tarmoqlarga faqat video ko‘rish uchun kirmaydi. Qariyb 70 foiz respondent u yerda do‘stlari va yaqinlari bilan muloqot qiladi, 64 foizi yangiliklarni kuzatadi. Ta’lim olish, ko‘ngilochar kontent ko‘rish, pul topish va kasbiy maqsadlarda foydalanish ham keng tarqalgan.

Shunga qaramay, odamlarni eng ko‘p tashvishga solayotgan muammo aynan vaqt bo‘lib chiqdi. Respondentlarning 30,1 foizi ijtimoiy tarmoqlarga ortiqcha vaqt sarflashni asosiy muammo deb ko‘rsatgan. Keyingi o‘rinlarda soxta axborot, firibgarlik va shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishi turibdi.

So‘rov natijalaridan keyin ijtimoiy tarmoqlardan me’yorida va xavfsiz foydalanishni o‘rgatishga qaratilgan dasturlarni kuchaytirish taklif qilindi. Ayniqsa, maktab va mahallalarda vaqtni boshqarish, soxta xabarlarni ajratish va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish tavsiya etilgan.

Теги :
Jamiyat