O'zbekistonliklar urush boshlanganidan buyon Ukrainada 312 ta tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan
O‘zbekistonliklar urush ketayotgan Ukrainda tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ikkinchi, Kiyevda esa birinchi o‘rinni egalladi.
1 daqiqa o‘qiladi

Rossiya bosqini boshlangan 2022-yil 24-fevraldan hozirga qadar Ukrainada 100 dan ziyod mamlakat ishbilarmonlari tomonidan 3000 dan ortiq yangi kompaniya tashkil qilindi. “Opendatabot” monitoring xizmati ma’lumotlariga qaraganda, Ukrainada biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yayotgan xorijliklar ro‘yxatida o‘zbekistonliklar ikkinchi o‘rinni, poytaxt Kiyev miqyosida olganda esa birinchi o‘rinni band etgan.
O‘zbekistonliklar Ukrainada 312 ta tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan
Urush sharoitida yashayotgan mamlakatda ta’sis etilgan 3075 kompaniyaning 396 tasi (12,9 foiz) turkiyalik, 312 tasi (10,1 foiz) o‘zbekistonlik va 224 tasi (7,3 foiz) polshalik tadbirkorlarga tegishlidir.
AQSh, Qozog‘iston, Germaniya, Ozarbayjon, Isroil, Buyuk Britaniya va Xitoy ham Ukrainada tijoriy faoliyatni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish bildirgan.
Poytaxtdagi eng ko‘p kompaniya va korxonalar o‘zbekistonliklarga tegishli
Yangi ochilgan kompaniya va korxonalarning yarmi (1517 ta) poytaxt Kiyev hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu borada o‘zbekistonlik ishbilarmonlar birinchi o‘rinni egallagan. Unga ko‘ra, poytaxtdagi 175 ta kompaniya va korxonalar o‘zbekistonliklar tomonidan ochilgan.
Tadbirkorlik faoliyati qaysi sohalarda rivojlangan?
Tahlillarga ko‘ra, xorijlik ishbilarmonlar asosan ulgurji savdo (30,7 foiz), ko‘chmas mulk operatsiyalari (6,7 foiz), axborot texnologiyalari va dasturlash (5,8 foiz), umumiy ovqatlanish (5 foiz), qurilish (4,3 foiz), chakana savdo (4 foiz) kabi sohalarda faoliyat yuritmoqda.



