Shavkat Mirziyoyev o'zbekistonliklarni Qurbon hayiti bilan tabrikladi
Prezident o'z tabrigida shu kunlarda Haj ziyorati safarida boʻlgan 15 ming nafar ziyoratchilar va xorijiy ellarda boʻlib turgan vatandoshlarni ham tilga oldi.
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qurbon hayiti munosabati bilan oʻzbekistonliklarga tabrik yoʻlladi.
Muhtaram vatandoshlar! Siz, azizlarni, butun xalqimizni tinchlik, mehr-oqibat va hamjihatlik fazilatlaridan tobora obod va munavvar boʻlayotgan yurtimizga kirib kelgan Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Ushbu saodatli damlarda barchamiz bu ulugʻ ayyomning ruhi va shukuhini chuqur his etib, el-yurtimiz bilan birgalikda shunday yorugʻ kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.
Yurt tashqarisidagi yurtdoshlar ham eslandi
Prezident shu kunlarda Haj ziyorati safarida boʻlgan 15 ming nafar oʻzbekistonlikni ham tilga oldi.
Pok niyatlar ijobat boʻladigan mana shunday ilohiy lahzalarda ularning barchasiga chin dildan haj ibodatlarini toʻliq ado etib, yurtimizga sogʻ-omon qaytib kelishlarini tilaymiz.
Urush va janjallar tezroq barham topsin
Shuningdek, prezident xorijiy ellarda boʻlib turgan vatandoshlarni ham samimiy tabrikladi. Jahonning turli mintaqalarida davom etayotgan urush va janjallar tezroq barham topishini, yer yuzida doimo tinchlik va osoyishtalik barqaror boʻlishini tilagan holda tabrikni yakunlaydi.
Barchamiz hamjihat boʻlib, boshlagan islohotlarimizni yanada qat’iy davom ettirsak, bu ulugʻ maqsadga soʻzsiz yetamiz. Farzandlarimizni albatta bilimli, hunarli, odobli insonlar, chinakam vatanparvar avlod etib voyaga yetkazamiz. Shu yoʻlda barchamizga baxt va omad yor boʻlsin! El-yurtimizni Yaratganning oʻzi panohida asrasin! Siz, azizlarni muqaddas Qurbon hayiti bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman. Ulugʻ ayyom barchamizga muborak boʻlsin!



