Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 91 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +9° kechasi +8°

Nega issiq kunda sovuq suv ichmaslik kerak?

Issiqda terlab sovuq suv ichish qon tomirlarini toraytirib, spazm hosil qiladi va organizmda ovqatning qayta ishlash jarayonlarini sekinlashtiradi.

2 daqiqa o‘qiladi

Nega issiq kunda sovuq suv ichmaslik kerak?

Jazirama kunlarda muzdek suv ichib, chanqogʻimizni bosishga urinamiz. Muzlatkichda turgan meva-sabzavotlarni iste'mol qilib, hovurimiz pasayganday tuyuladi. Ayniqsa, issiq zabtiga olganda, muzqaymoq goʻyo jonning rohati. 

 Ammo yoz chillasida past haroratdagi mahsulotlar organizmni sovitishga emas, aksincha qizdirishga xizmat qilishi haqida bilarmidingiz? Xoʻsh, mutaxassisning bu boradagi xulosa va tavsiyalari qanday?

Mutaxassis maslahati

Milliy tibbiyot markazi direktori oʻrinbosari Akmal Rahmatullayev issiq kunda muzdek mahsulotlarni isteʼmol qilmaslikni tavsiya qildi.

"Issiq kunlarda muzdek suv va mahsulotlardan tiyilish kerak. Bu tavsiyani faqat tomoq yoki boshqa ichki a'zolarni shamollatib qoʻymaslik uchungina bermaymiz", — deydi mutaxassis.

Gap shundaki, yuqori haroratda tana oʻzini tabiiy sovitish xususiyatiga ega. Ayni sababdan issiqda koʻp terlaymiz. Bunday paytda muzdek suv ichsak nima boʻladi? Organizm, avvalo, uni isitishga majbur boʻlib, ikki hissa koʻp energiya sarflaydi. Oqibatda tana sovish oʻrniga yanada qiziydi. Bu esa organizm uchun stress.

 Muzqaymoq tanani qizdiradi

Muzqaymoq yoki oqsilga boy boshqa mahsulotlarni hazm qilish uchun ham organizm oʻzidan juda koʻp issiqlik chiqarishi kerak. Buning uchun, birinchi galda, tana oshqozonga tushgan muzdek mahsulotni normal haroratgacha qizdirishi lozim.

Bu jarayon esa organizmni zoʻriqtirib, shundoq ham issiq tanada harorat oshishiga olib keladi. Oqibatda kuchli charchoq va lanjlik hissi yuzaga keladi. Bosh yoki yurak sohasida ogʻriqlar paydo boʻladi.

Sovuq suvning zararli tomonlari

Qolaversa, terlab sovuq suv ichish qon tomirlarini toraytirib, spazm hosil qiladi va organizmda ovqatning qayta ishlash jarayonlarini sekinlashtiradi. Muzdek suyuqlik yogʻli taomlar bilan ichilganda yogʻning organizmga soʻrilishi qiyinlashadi. Bu ham salomatlik uchun juda xavfli.

Past haroratli mahsulotlar isteʼmoli turli kasalliklarga sabab boʻladi

Shuningdek, past haroratli mahsulotlar ovqat hazm qilish uchun zarur boʻlgan fermentlar ishlab chiqarilishini bloklab, immunitetni pasaytiradi. Bundan tashqari, shamollash, angina va burun-halqum yoʻlining boshqa kasalliklariga sabab boʻlishi mumkin. Ba'zi mahsulotlar buyraklar faoliyati buzilishiga olib kelib, peshob ajratish jarayonini tezlashtirishini ham unutmaslik kerak. Bu esa organizmda suvsizlanishni keltirib chiqaradi. Tarvuz, mango, arpabodiyon, selderey, qushqoʻnmas shular jumlasidan.

Nimalar tavsiya qilinmaydi?

Achchiq qalampir tarkibida kapsaisin moddasi mavjud. U tanani bir muddat qizdiradi. Ammo jazirama paytida achchiq ovqat ahvolni yanada yomonlashtirishi mumkin. Qolaversa, qalampir issiq paytda tanada kuchli terlashni hosil qiladi. Oqibatda organizm sezilarli miqdorda suv yoʻqotadi. Jaziramada gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar, qahva iste'mol qilish tavsiya etilmaydi.