Suv boʻyicha yana bir xavotirli hisobot eʼlon qilindi
Ushbu holat o‘sib borayotgan suv inqirozini kuchaytiradi, iqtisodiyotga, oziq-ovqat ishlab chiqarishga va tiriklikka jiddiy zarar yetkazadi.
3 daqiqa o‘qiladi

Insoniyat global suv aylanish tizimini o‘z tarixida birinchi marta muvozanatdan chiqarib yubordi. Ushbu holat o‘sib borayotgan suv inqirozini kuchaytiradi, iqtisodiyotga, oziq-ovqat ishlab chiqarishga va tiriklikka jiddiy zarar yetkazadi. Bu haqda xalqaro yetakchilar va ekspertlardan iborat Global suv iqtisodiyoti komissiyasi hisobot e’lon qildi.
Hisobotga ko‘ra, yillar davomida Yerni zararlantirish va suvni noto‘g‘ri boshqarish inson tomonidan yuzaga keltirilgan iqlim inqirozi bilan birga to‘qnash kelib, global suv aylanish tizimiga misli ko‘rilmagan bosim o‘tkazgan.
Suv aylanishi oʻzi nima?
Suv aylanishi – bu suvning Yer atrofida qanday harakatlanishini tavsiflovchi murakkab tizim hisoblanadi. Suv Yer yuzidan, jumladan, ko‘l va daryolar, o‘simliklar tarkibidan bug‘lanib, atmosferaga ko‘tariladi va u bug‘ holatida uzoq masofalarga “sayohat qiladi”. Keyin esa sovib, kondensatsiyalanadi va yomg‘ir yoki qor shaklida yerga qaytadi.
Allaqachon azob-uqubatlar boshlandi
Suvning normal aylanishidagi buzilishlar allaqachon azob-uqubatlarni keltirib chiqarmoqda. Xususan, taxminan 3 milliard odam suv tanqisligidan qiynalmoqda, ekinlar qurimoqda, shaharlar esa ularning ostidagi yer osti suvlari qurib qolishi sababli cho‘kib bormoqda.
Qayd etilishicha, agar tegishli choralar ko‘rilmasa, oqibatlar yanada halokatli bo‘ladi. Suv inqirozi global oziq-ovqat ishlab chiqarishining 50 foizdan ortig‘iga tahdid solmoqda va 2050 yilga borib mamlakatlarning YAIM hajmini o‘rtacha 8 foizga qisqartishi xavfini tug‘diradi. Kam daromadli davlatlarda esa bu ko‘rsatkich 15 foizga yetishi mumkin.
“Insoniyat tarixida birinchi marta biz global suv aylanishini muvozanatdan chiqaryapmiz. Chuchuk suv manbasi bo‘lgan yog‘ingarchilik endi ishonchli bo‘lolmaydi,” deydi Global suv iqtisodiyoti komissiyasi hammuassisi va hisobot muallifi Yoxan Rokstrom.
Hisobot ko‘k suv va yashil suv o‘rtasidagi farqni ko‘rsatadi. Ko‘k suv – bu ko‘llar, daryolar va yerostidagi suyuq suv, yashil suv esa tuproqlar va o‘simliklarda saqlanadigan namlik.
Hisobotga ko‘ra, yashil suv manbalari uzoq vaqt davomida e’tibordan chetda qolgan bo‘lsa-da, u suv aylanishida juda muhim. Chunki o‘simliklar suv bug‘ini chiqarib, uni atmosferaga qaytaradi va bu quruqlikdagi yog‘ingarchilikning yarmiga yaqinini yuzaga keltiradi.
Qayd etilishicha, suv aylanishidagi bu buzilishlar iqlim o‘zgarishi bilan chuqur bog‘langan.
“Yashil suvning barqaror ta’minoti sayyorani qizdiruvchi uglerodni saqlaydigan o‘simliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun zarur. Ammo insonlar keltirayotgan zarar, shu jumladan, botqoqliklarni yo‘qotish va o‘rmonlarni kesish ugelorod “omborlar”ini tugatmoqda va global isishni tezlashtirmoqda. Aksincha, iqlim o‘zgarishidan kelib chiqadigan issiqlik yer yuzini quritib, namlikni kamaytiradi va yong‘in xavfini oshiradi”, deyiladi xabarda.
Inqiroz yanada keskinlashadi
Hisobotga ko‘ra, suvga bo‘lgan ulkan ehtiyoj inqirozni yanada keskinlashtiradi. Odamlar kuniga o‘rtacha 4 000 litr suvga muhtoj. Bu Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan asosiy ehtiyojlar uchun belgilangan 50 dan 100 litrgacha bo‘lgan miqdordan ancha ko‘p va aksariyat hududlar buni mahalliy suv manbalar orqali ta’minlay olmaydi.
Angliyadagi Reding universitetining iqlimshunoslik professori Richard Allan hisobot inson tomonidan yuzaga keltirilgan global suv aylanishi buzilishi – haqiqiy fojiani ko‘rsatib berayotganini ta’kidlaydi.
“Inson faoliyati Yer yuzasini va uning ustidagi havoni o‘zgartirmoqda. Bu esa iqlimni isityapti, ho‘l va quruq ekstremallarni kuchaytiryapti hamda shamol va yog‘ingarchilik tizimini izdan chiqaryapti,” deydi Allan.
Uning fikricha, inqirozni faqat tabiiy resurslarni yaxshiroq boshqarish va sayyorani qizdiruvchi ifloslanishni keskin qisqartirish orqali hal qilish mumkin.
Hisobot mualliflari dunyo hukumatlari suv aylanishini umumiy boylik sifatida tan olishi va uni birgalikda hal qilishi kerakligini ta’kidlamoqda.



