Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +17° kechasi +9°

Butun dunyoda insoniyatning kelajakka bo‘lgan umidi susaymoqda — Ipsos

30 ta mamlakat aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda odamlarni tashvishga solayotgan asosiy tahdidlar – turli dezinformatsiya kampaniyalari, xakerlik hujumlari va kibertahdidlardir. So‘rovda qatnashganlarning 80 foizi dunyo tobora xavfliroq bo‘lib qolayotganini ta’kidlab, ijobiy o‘zgarishlarga bo‘lgan ishonchini yo‘qotgan.

3 daqiqa o‘qiladi

Butun dunyoda insoniyatning kelajakka bo‘lgan umidi susaymoqda — Ipsos

Ipsos – bu xalqaro miqyosda faoliyat yurituvchi yetakchi tadqiqot kompaniyasi bo‘lib, 1975-yilda Fransiyada tashkil etilgan. Kompaniya ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalardagi tadqiqotlar orqali jamoatchilik fikrini tahlil qilish, global tendensiyalarni aniqlash va asosli ma’lumotlarni taqdim etish bilan shug‘ullanadi. Ipsosning faoliyati dunyo bo‘ylab minglab tashkilotlar va hukumatlarga qaror qabul qilishda yordam beradi.

2024-yilda Ipsos tomonidan e’lon qilingan global hisobotda 30 mamlakatdan olingan ma’lumotlar asosida jahon xavfsizligi, texnologiyalar rivojlanishi va global ijtimoiy muammolar yuzasidan chuqur tahlil o‘tkazildi. Tadqiqotda jami 21 mingdan ortiq respondent ishtirok etib, ular turli mamlakatlar aholisi fikrlarini aks ettiruvchi muhim raqamlarni taqdim etdi.

Ipsos 2024 hisoboti

Ipsos tomonidan 2024-yil yakunlari uchun e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, 30 mamlakatda o‘tkazilgan so‘rov natijalari quyidagicha:

• Dizinformatsiya tahdidi: Respondentlarning 76% ijtimoiy fikrga ta’sir o‘tkazish maqsadida ataylab noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishni jiddiy tahdid deb hisoblaydi.

• Xakerlik hujumlari: 76% ishtirokchilar firibgarlik yoki josuslik maqsadida amalga oshiriladigan xakerlik hujumlarini real tahdid sifatida ko‘rishadi. Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali noto‘g‘ri ma’lumot tarqatish orqali jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilish tahdidi ham yuqori baholangan.

• Tabiiy ofatlar xavfi: So‘rovda qatnashganlarning 69% mamlakatlarida yirik tabiiy ofatlar sodir bo‘lishidan xavotirda. Yildan-yilga ortib borayotgan yong‘inlar, suv toshqinlari va issiqlik to‘lqinlari o‘z navbatida jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib kelmoqda. Ko‘pgina respondentlar ekologik muammolarni global tahdidlar ro‘yxatida yuqori o‘rinlarga qo‘ygan.

• Dunyo xavfsizligi haqida qarashlar: 80% respondentlar o‘tgan yil davomida dunyo yanada xavfliroq bo‘lib qolganini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, dunyoda ijobiy o‘zgarishlar ko‘rsatkichi salbiy o‘zgarishlarga nisbatan yuqori, deb hisoblovchilar soni ham kamaygan. Tahdidlar nafaqat harbiy mojarolar yoki terrorizm, balki texnologiyalar rivojlanishi natijasida yangi shakllarda ham yuzaga kelmoqda.

• Kelajakka umid: “Hozirgi kunda dunyo yaxshi tarafga o‘zgarmoqda” deb hisoblovchilar soni 2017-yildan beri 9 foizga kamaygan.

• Demokratiya va inson huquqlari: So‘rovnomada ishtirok etgan 30 mamlakatda demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligi universal qadriyatlar deb hisoblovchilar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Jahon urushlari xavfi mavjudmi?

63% ishtirokchilar keyingi 25 yil ichida yirik davlatlar o‘rtasida jahon urushi sodir bo‘lishi mumkin deb hisoblashadi. Bu xavotir xalqaro maydondagi mavjud geosiyosiy keskinliklar, iqtisodiy raqobat va resurslar uchun kurash bilan bog‘liq. Ayniqsa, AQSh, Rossiya va Xitoy kabi davlatlar o‘rtasidagi strategik raqobat, hududiy mojarolar va yadro qurollari zaxirasining ko‘payishi bunday xavfning real ekanligini ko‘rsatmoqda. Resurslar uchun global kurash, xususan, energiya, suv va oziq-ovqat taqchilligi, bunday konfliktlarning yangi manbalaridan biri sifatida paydo bo‘lyapti. Iqlim o‘zgarishlari natijasida kelib chiqayotgan ekologik muammolar va tabiiy ofatlar esa bu tahdidlarni yanada kuchaytirmoqda. Shu bilan birga, xalqaro tashkilotlar, masalan, BMT va NATO, jahon xavfsizligini ta’minlashda zaiflashib bormoqda, bu esa xalqaro hamjamiyatga bo‘lgan ishonchni pasaytiryapti.