$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

Suriyadagi davlat to‘ntarishiga o‘zbeklarning qanday aloqasi bor?

Suriya

Asosan o‘zbeklardan tashkil topgani gumon qilinuvchi “Tavhid va Jihod” va “Imom Buxoriy” katibasi 2010-yil o‘rtalarida ayni dam Suriya hukumati yuqorisiga kelgan “Hay’at Tahrir ash-Shom”ning ittifoqchilari va qo‘llovchilari sifatida ko‘rilganini bilarmidingiz?

2024-yil noyabr oyi oxirida qurollangan isyonchilar guruhi Bashar Asad kuchlariga qarshi yurish boshladi. 7-dekabr kuni kechqurungacha Asadning muxoliflari Halab, Hama, Homs, Dayr-az-Zor, Daraa kabi yirik shaharlarni egallashdi va Damashqqa yaqinlashdi. Keyinchalik esa isyonchi muxolifat poytaxt Damashqni egalladi. Shom diyorini 50-yildan ortiq vaqt davomida idora qilib kelgan Asadlar oilasi mamlakatni tashlab ketdi. TASS nashri xabariga ko‘ra, Rossiya Bashar Asad va uning oilasiga boshpana bergan. 

“Tavhid va Jihod” hamda “Imom Buxoriy” 

Suriyadagi urush fonida mamlakatdagi O‘zbek jangari guruhlari yana qiziqishlarga sabab bo‘lmoqda. Asosan O‘zbeklardan tashkil topgani aytiluvchi “Tavhid va Jihod” hamda “Imom Buxoriy” katibasi 2010-yillar o‘rtalarida Suriyadagi bugungi janglar markazida turgan “Hay’at Tahrir ash-Shom”ning ittifoqchilari va qo‘llovchilari sifatida ko‘rilgan. “Tavhid va Jihod” hamda “Imom Buxoriy” katibasi o‘z vaqtida Suriya hamda Iroqda o‘zining Islomiy Xalifaligiga asos solgan ISHID bilan birga o‘zbeklar Yaqin Sharqda jang qilgani aytilgan uchta guruhdan ikkitasi sifatida tilga olingan. Xalqaro ekspertlarning fikrlariga ko‘ra, dastlab Afg‘onistonda bo‘y ko‘rsatgan O‘zbek jangariligi aynan Suriya inqirozi sabab, Yaqin Sharqda boshqa bir qiyofada namoyon bo‘lgan.

 “Imom Buxoriy” katibasi 

Xalqaro ekspertlar o‘zbek jangarilari “Imom Buxoriy” katibasi nomi ostida eng yirik guruhlardan biriga aylanishganini ta’kidlagan. Biroq 2014-yilga kelib, guruh saflarida parchalanish yuz bergan. Bu jangarilardan ayrimlari ISHIDga qo‘shilishgan. Boshqalari esa, keyinchalik suiqasd qurboniga aylanishgan. Katiba lideri (amiri) Shayx Salohiddin O‘zbekiy ham o‘ldirilganiga oid xabarlar olingan. 2018-yilda AQSH Davlat departamenti “Imom Buxoriy” katibasini o‘zining xalqaro terrorchilar ro‘yxatiga kiritgan. Davlat departamenti o‘shanda ularni “al-Qoida”ning ittifoqchisi va Yaqin Sharqdagi o‘zbek jangarilaridan iborat eng katta guruhga nisbat bergan.

“Tavhid va Jihod” guruhi haqida

“Tavhid va Jihod” guruhi a’zolarining aksariyati qirg‘izistonlik o‘zbeklar, deb ishonilgan. 2014-yilda guruh yetakchisi Abu Saloh o‘zlarining “al-Qoida”ga bay’at keltirganliklarini e’lon qilgan. Ammo oradan besh yil o‘tib, “Tavhid va Jihod” guruhi liderining o‘zgarganiga oid xabarlar olingan. Guruhning Suriya shimoli-g‘arbidagi Idlib viloyatida faol ekani aytilgan. Ammo ekspertlar har ikki guruh misolida ham ular a’zolarining aniq sonini aytish imkonsiz ekanligini ta’kidlab kelishgan.

O‘zbeklardan iborat jangari guruhlar 

Ma’lumot uchun, Suriya va Iroqda jang qilgan o‘zbekistonlik jangarilarning soniga oid so‘nggi raqamlar ISHID misolida 2017-yilning oxirida e’lon qilingan. O‘shanda Amerikaning “Soufan” tadqiqot markazi ularning sonini 1 500 ta ekanini qayd etgan. O‘zbekistonlik jangarilar postsovet hududi nazarda tutilganda, rossiyaliklardan keyin ikkinchi yirik raqamni tashkil etgan. Harbiy ekspertlar har uch jangari guruh a’zolari orasida o‘tmishda O‘zbekiston Islomiy harakati saflarida Afg‘onistonda jang qilgan o‘zbeklar oz emasligini ta’kidlagan.

Теги :
Jamiyat