$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda yaxshi futbolchi qolmadimi?: Legionerlarga atalgan O‘zbekiston chempionati

Cheran

Kecha O‘zbekiston chempionatining 33-mavsumi yakunlandi. Mavsum yakuniga ko‘ra, musobaqa to‘purarlar jadvali va assistentlar ro‘yxatiga ko‘z yugurtirar ekansiz, sarlavhadagi xulosaga kelasiz. Albatta, Anvarjon Hojimirzayev va Bektemir Abdumannopov bu masalada istisno. Keling, o‘tgan mavsumda mamlakatimiz chempionatida legionerlar qanday natija qayd etishganini bir qur ko‘rib chiqamiz.

Olti yillik "oltin" mavsum

Superligamizda to‘purarlik va gol+pass ko‘rsatkichi bo‘yicha Dragan Cheran yana yetakchi bo‘ldi. Serbiyalik hujumchi bu mavsum 22 ta o‘yinda maydonga tushib 13 ta gol urdi va 4 ta golli uzatma amalga oshirdi. Shuningdek Cheran bu yilgi natijasi orqali Superligamizda to‘purar bo‘lgan eng yoshi katta futbolchilar ro‘yxatida Rivaldo bilan tenglashib oldi. Ayni vaqt Dragan Cheran 37 yoshda va bu vaqtgacha ushbu yosh bilan Oliy ligamizda to‘purar bo‘lishni faqatgina Rivaldo uddalagan. Cheran 2019-yildan beri O‘zbekiston chempionati to‘purari bo‘lib kelmoqda. "Sherlar" tarkibida forvard Superliga doirasida avvalgi besh mavsumda 23, 21, 16, 20 va 13 tadan gol urgan. 

Jizzaxliklar o‘z "bo‘risini" topdimi?

Sofascore nashri mavsum davomida o‘rtacha eng katta baho olgan Superliga o‘yinchilarining reytingini tuzib chiqdi. So‘g‘diyona jamoasi futbolchisi Vladimir Yovovich Sofascore portali ko‘rsatkichlariga ko‘ra, Superligada mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo‘ldi. Chernogoriyalik futbolchining mavsum davomida ko‘rsatgan o‘yini, ushbu portal tomonidan 7.74 ballga baholangan. 

Qirg‘iz futbolining "olmos" topilmasi

Joel Kojo "Dinamo" - "So‘g‘diyona" (1:0) uchrashuvida g‘alaba golini kiritib, "Dinamo"ning "Andijon"ni ortda qoldirib, mavsumni 8-o‘rinda yakunlashiga sabab bo‘ldi. Bu gol bronza medali taqdiriga ham ta’sir qildi – "So‘g‘diyona" emas, "Navbahor" sovrindor bo‘ldi. O‘yindan keyin samarqandlik muxlislar tomonidan tayyorlangan "King Kojo" – Legend of Samarkand banneri qarshisida ko‘z yoshini tiya olmadi. Bu uning "Dinamo"dagi so‘nggi o‘yiniga aylangan bo‘lishi mumkin. "Istiqlol" uni transfer qilishi kutilmoqda. Kojo o‘tgan mavsum Pro ligada Anvarjon Hojimirzayev bilan eng yaxshi to‘purarlar bo‘lgandi, bu yil esa Superligada bir jamoaning ikki a’zosi to‘purarlar safidan joy olishdi. Kojo mavsumda jami 11 ta gol urdi. Asli ganalik bo‘lgan futbolchining Markaziy Osiyodagi sarguzashtlari 2017 yil yozidan buyon davom etmoqda. Futbolchi ayni hudud futboli uchun yaxshigina sermahsullik namoyish etib kelmoqda. U avvaliga Qirg‘izistonning "Alay" klubi safida 2018-2020 yilgi mavsumlarda to‘p tepib, 70 o‘yinda 44 ta gol va 8 ta assist, 2021-22 yilgi mavsumlarda esa mamlakatning mashhur jamoalaridan biri "Dordoy" safida 39 o‘yinda 15 gol va 4 assist qayd etgan.

TOP-10 

Mavsum davomida o‘rtacha eng katta baho olgan Superliga o‘yinchilarining reytingi quyidagicha:

1. Vladimir Yovovich (So‘g‘diyona)

2. Lyupcho Doriyev (So‘g‘diyona)

3. Dragan Cheran (Paxtakor)

4. Anvarjon Hojimirzayev (Dinamo)

5. Jamshid Iskandarov (Navbahor)

6. Bektemir Abdumannonov (Andijon)

7. Dostonbek Hamdamov (Paxtakor)

8. Sanjar Tursunov (Lokomotiv)

9. Akaki Shulaya (Qizilqum)

10. Akmal Mozgovoy (Nasaf).

Legionerlar mavsumi

"So‘g‘diyona" yarim himoyachisi Vladimir Yovovich va "Andijon" vingeri Bektemir Abdumannopov 8 tadan golli uzatma amalga oshirgan holda eng yaxshi assistentlarga aylandi. Shuningdek, Doriyev va Yovovich "So‘g‘diyona" o‘yinida eng muhim figuraga aylanishdi. Jurani Ferreira va Joel Kojo "Dinamo"ning asosiy qurollari bo‘lib bera oldi. Bubanya, Arveladze, Litovka kabi legionerlar "Andijon"ni O‘zbekiston kubogi sari yetaklab borishdi. 2-davrada "Bunyodkor"ga qo‘shilgan Itsuki Urata, Luis Kachorri, Andriya Filipovich kabi futbolchilar "qaldirg‘ochlar"ning ligada jon saqlab qolishida katta rol o‘ynashdi. "OKMK", "Surxon" "Andijon" kabi klublarni mag‘lub etilishida "Nasaf" jamoasi legioneri Zoran Marushichning gollari katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Теги :
Jamiyat