Farg‘onada avval ham sudlangan amaldor yana byudjet mablag‘larini talon-toroj qildi
2 daqiqa o‘qiladi

Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida ilgari firibgarlik uchun sudlangan sobiq mansabdor yana oʻsha tizimda jinoyatga qoʻl urdi. Bu gal u madaniyat bo‘limida ishlamagan xodimlarga ish haqi yozdirish orqali davlat byudjetiga 95 million so‘mdan ortiq zarar yetkazgan.
E’tiborlisi, sudlanuvchi avvalgi jinoyati uchun ham mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan va muddatidan oldin axloq tuzatish ishlaridan ozod qilingan edi. UZ24.uz mazkur sud ishi bilan tanishdi.
Avvalgi jinoyat tarixi
Sud hujjatlariga ko‘ra, 1979-yilda tug‘ilgan X.U 2009-yildan buyon Toshloq tumani madaniyat bo‘limida turli rahbarlik lavozimlarida ishlab kelgan. U 2019-yil 18-iyulda Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan sudlanib, ikki yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.
Shuningdek, unga ikki yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. 2020-yil avgustdagi ajrimga koʻra esa o‘talmay qolgan 11 oy 12 kun axloq tuzatish ishlaridan muddatidan oldin shartli ozod qilingan.
Ishlamagan xodimlarga millionlab so‘m maosh
Sud materiallarida qayd etilishicha, X.U Toshloq tumani madaniyat bo‘limidagi faoliyati davomida ayrim fuqarolarni amalda bajarmagan ishlari uchun turli lavozimlarga rasmiylashtirib, ularga byudjetdan asossiz ish haqi to‘lanishiga yo‘l qo‘ygan.
Xususan, ayrim shaxslar bir vaqtning o‘zida turli madaniyat muassasalarida artist, balet artisti va xoreograf lavozimlarida ishlagan sifatida rasmiylashtirilgan. Ularga 10 million so‘mdan 28 million so‘mgacha ish haqi hisoblangan.
Bundan tashqari, ayrim xodimlarga mehnat qonunchiligi talablariga zid ravishda qo‘shimcha to‘lovlar amalga oshirilgan. Oqibatda davlat byudjetining jami 95 million 417 ming 800 so‘m mablag‘i asossiz sarflangan.
Sudda aybini tan olmadi
Sud majlisida X.U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib, barcha moliyaviy operatsiyalar qonuniy amalga oshirilganini bildirgan. Biroq sud guvohlar ko‘rsatmalari, moliyaviy hujjatlar va boshqa dalillar asosida uning aybini isbotlangan deb topgan.
Shu bilan birga, yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangani qayd etilgan.
Sobiq amaldorga qanday jazo berildi?
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudining 2026-yil 27-oktabrdagi hukmi bilan X.U Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «v», «g» bandlari bilan aybdor deb topilgan.
Unga ikki yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish hamda bir yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Jazo davomida ish haqining 20 foizi davlat daromadiga ushlab qolinadi.



