13961.02
-47.09
 159.47
-0.17
$
 11937.60
-37.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Sulh xavf ostida: Tramp Eronning taklifini rad etdi

eron

So‘nggi paytlarda AQSh va Eron o‘rtasidagi vaziyat yana jiddiylashmoqda. Tomonlar o‘rtasida vaqtincha sulh bo‘lsa-da, yangi takliflar va keskin bayonotlar bu tinchlik uzoq davom etmasligini ko‘rsatyapti. Eron tomoni hatto AQSh bilan urush yana boshlanish ehtimoli borligini aytmoqda. 

Xo‘sh, urush yana davom etadimi? 

Tramp Eronning taklifini rad qildi

Eron o‘zining yangi taklifini Pokiston orqali AQSh yetkazdi. Biroq taklifning to‘liq mazmuni oshkor qilinmadi. Shundan so‘ng AQSh prezidenti Donald Tramp bu taklifdan norozi ekanini ochiq aytib, “hozircha ular taklif qilayotgan narsalar meni qoniqtirmayapti” deya javob berdi. Eron harbiy qo‘mondonligidagi yuqori lavozimli shaxslardan bo‘lgan Muhammad Jafar Asadi esa bu vaziyatdan keyin “AQSh bilan urush yana boshlanish ehtimoli bor” deya ogohlantirdi. U, shuningdek, AQSh hech qachon va’dalariga to‘liq amal qilmasligini aytib, hozirgi sulh ham ishonchsiz ekanini ta’kidladi. Eslatib o‘tamiz, bu mojaro fevral oyining so‘nggi kunida AQSh va Isroilning Eron hududlariga bergan zarbalaridan keyin boshlangan, aprel boshidan esa vaqtincha to‘xtab turgandi.

Eron AQShga nimalarni taklif qildi?

Taklifning rasmiy tafsilotlari e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, Reuters manbalariga ko‘ra, Eron Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochishni taklif qilgan. Bu orqali ikki oydan ortiq vaqt davomida deyarli to‘xtab qolgan dengiz savdosini tiklash rejalashtirilgan. Ma’lumki, shu vaqt ichida Eron o‘zidan tashqari deyarli barcha kemalar harakatini cheklab qo‘ygan, AQSh esa o‘tgan oy Eron portlariga nisbatan o‘z blokadasini joriy qilgan. Eron taklifida AQSh avvalo blokadani bekor qilishi kerakligi, shundan keyingina Tehron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyor bo‘lishi aytilgan. Biroq Vashington yana bir bor Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligi kafolatlanmas ekan, ular bu mojaroni tugatishga rozi bo‘lmasligini ta’kidladi.

Urush bo‘ladimi yoki kelishuv?

Donald Tramp bu masalada ikki xil ohangda gapirmoqda. Bir tomondan, u Eron bilan kelishuvga erishishni istashini aytib, “zarba berishni xohlamayman” deydi. U hatto “ularni butunlay yo‘q qilish yoki kelishuvga erishish yo‘lidan qaysi birini tanlaymiz?” degan savolni ham o‘rtaga tashlagan. Ammo AQSh ichida bu masala atrofida tortishuvlar davom etmoqda. Qonun bo‘yicha prezident urushni davom ettirish uchun Kongressdan ruxsat olishi kerak va bu borada muddat masalasi bo‘yicha bahs ketmoqda. Rasmiylar vaqtincha sulh bu muddatni to‘xtatib turadi deb hisoblamoqda, ammo demokratlar bunga qarshi chiqmoqda.

Теги :
Jamiyat