$
 12019.27
32.97
 13984.42
46.75
 165.65
2.04
weather
+26
Кечаси   +14°

Sukut alomati rizo: “Tolibon”ning yangi qonuni xalqaro tanqidga uchradi

sukut

Afg‘onistonda “Tolibon” qabul qilgan yangi oila qonuni xalqaro miqyosda keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. 31 moddadan iborat qonunga ko‘ra, balog‘at yoshiga yetgan qizning sukuti ayrim hollarda nikohga rozilik deb qabul qilinishi mumkin. Shuningdek, hujjatda voyaga yetmaganlar nikohi, majburiy ajrashish va oilaviy masalalar bo‘yicha “Tolibon” sudlariga keng vakolatlar berilgan. Inson huquqlari faollari esa bu qaror ayollar huquqlarini yanada cheklashini aytmoqda. Xo‘sh, bu qonun Afg‘onistondagi ayollar hayotiga qanday ta’sir qiladi? 

Qizning sukuti nikohga rozilik deb olinishi mumkin

“Tolibon”ning “Er-xotinning ajralish tamoyillari” deb nomlangan 31 moddali qonuni oliy yetakchi Haybatulloh Oxundzoda tomonidan tasdiqlanib, shu oy boshida rasmiy gazetada e’lon qilindi. Eng bahsli bandlardan biri —balog‘at yoshiga yetgan qiz hech narsa demasa, bu nikohga rozilik sifatida talqin qilinishi mumkin.

Qizig‘i shundaki, bu qoida o‘g‘il bolalar yoki oldin turmush qurgan ayollarga nisbatan ishlamaydi. Qonunda voyaga yetmaganlar nikohi, majburiy ajrashish, bedarak yo‘qolgan turmush o‘rtoqlar, zinokorlik va dindan qaytish kabi masalalar ham kiritilgan. Yana bir bandga ko‘ra, bolaligida turmushga chiqqan qiz voyaga yetgach nikohni bekor qilishni talab qilishi mumkin, lekin buning uchun “Tolibon” sudining roziligi kerak bo‘ladi.

Ota-bobolar va sudlarga katta vakolat berildi

Yangi qonun voyaga yetmaganlarni turmushga berishda ota va bobolarga katta vakolat bergan. Ayrim hollarda boshqa qarindoshlar tashkil qilgan nikohlar ham tan olinishi mumkinligi aytilmoqda. Faqat nikohni bekor qilish masalasini yakunda “Tolibon” sudlari hal qiladi.

Sudyalarga esa zinokorlik, dinni o‘zgartirish yoki erning uzoq vaqt bedarak ketishi kabi holatlarga aralashish vakolati ham berilgan. Inson huquqlari tashkilotlari buni ayollar ustidan nazoratning yanada kuchayishi sifatida baholamoqda.

Ayollar huquqi bo‘yicha tanqidlar yana kuchaydi

“Tolibon” 2021-yilda hokimiyatga qaytgach, ayollar uchun oliy ta’lim, ish va ijtimoiy hayotdagi ko‘plab imkoniyatlarni cheklagandi. Endi yangi qonun bu bosimlarni yanada kuchaytirmoqda.

Siyosiy sharhlovchi Fahima Muhammadning aytishicha, bola hech qachon haqiqiy rozilik bera olmaydi va sukunatni rozilik deb qabul qilish juda xavfli. U “Tolibon”ning bu qarorlari Islomni to‘liq aks ettirmasligini ham ta’kidlagan.

Inson huquqlari tashkilotlari ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘onistonda yosh kelinlar uchun to‘lanadigan pul 500 dollardan 3 000 dollargacha yetadi. “Girls Not Brides” tashkiloti esa afg‘on qizlarining qariyb uchdan biri 18 yoshga yetmasdan turmushga chiqishini ma’lum qilgan.

Теги :
Jamiyat