Donald Trampga qarshi suiqasd: nimalar ma’lum?
“Mergan Trampga uzgan oʻq Baydenni “oʻldirdi”. Trampni hozirdan Prezident boʻlgani bilan "Mallalar uyushmasi" nomidan tabriklayversak boʻladi” – Otabek Artikov
5 daqiqa o‘qiladi

AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp 14-iyul kuni Pensilvaniyaning Batler shahridagi saylovoldi mitingi paytida yaralandi. Siyosatchi suiqasd natijasida yengil jarohat olgan. AQSh prezidenti Jo Bayden va qator siyosatchilar mazkur suiqasdni qoralab chiqdi.
Mitingdan qulog’ini ushlab qaytgan Tramp
Ijtimoiy tarmoqlarda AQSHning 45-prezidenti Donald Trampga qarshi suiqasd uyushtirilgani haqidagi video va xabarlar tarqaldi.
Hodisa aks etgan videoda uning chiqishi chog’ida o‘q ovoziga o‘xshash tovushlar eshitilgan. Shundan so‘ng Tramp qulog’ini ushlab yotib olgan. Qo‘riqchilar shu zahoti Trampni o‘rab oldi. Prezidentlikka nomzod o‘rnidan turganida qulog’idan qon oqayotganini ko‘rish mumkin. Maxsus xizmat agentlari uni qurshab olib, ko‘tarilishga yordam berdi va sahnadan olib ketdi.
Xavf o‘sha zahoti bartaraf etilgan
Trampga u chiqish qilayotgan sahna yaqinidagi binodan o‘q uzilgan. O‘q uzgan shaxs maxsus xizmat xodimlari tomonidan o‘ldirilgan. Butler tuman prokurori Richard Goldinger qurollangan shaxs uy tomida bo‘lganini va bir necha yuz yard masofadan o‘q uzganini tasdiqlagan. Otishma joyidan AR-15 yarim avtomatik miltiq topilgan.
The New York Times ma’lumotiga ko‘ra, surishtiruv ishlari Maxfiy xizmat tomonidan olib borildi, shuningdek unga boshqa idoralar, xususan Federal qidiruv byurosi ham jalb etildi.
O‘q Trampni “tirnab o‘tgan”
Maxfiy xizmatlar vakili Tramp ayni vaqtda “xavfsizlikda” ekanini bildirgan. Trampning saylov kampaniyasi vakili ham sobiq prezidentning “ahvoli yaxshiligi” va mahalliy tibbiyot muassasasida tibbiy ko‘rikdan o‘tganini ma’lum qilgan. Batler okrugi prokurorining yozishicha, o‘q Trampni “tirnab o‘tgan”. CBS News ma’lumotiga ko‘ra, hodisadan uch soat o‘tib sobiq prezident shifoxonani tark etgan.
Halok bo‘lganlar bor
Voqea natijasida halok bo‘lganlar bor — Batler tuman prokurori miting ishtirokchilaridan biri halok bo‘lgani, yana bir kishi esa og’ir ahvolda ekanini aytgan.
“Bu hodisa qotillikka urinish sifatida baholanmoqda”, - deb yozadi CNN.
Otishmadan oldin ogohlantirilgan
Miting ishtirokchilaridan biri u va boshqalar otishma sodir bo‘lishidan bir necha daqiqa oldin miltiq bilan sahnaga chiqqan shaxsni ko‘rgan va politsiyani ogohlantirishga uringan, ammo natija bo‘lmagan.
Bayden bilan Trampning suhbati
Prezident Jo Bayden Trampning xavfsiz ekanini hamda o‘zini yaxshi his qilayotganini eshitganidan xursand ekanini aytgan.
U Amerikada bunday zo‘ravonlikka o‘rin yo‘qligini ta’kidlagan. Bayden kampaniyasi voqea tufayli televideniye reklamasini to‘xtatgan. Otishmadan bir necha soat o‘tib, Oq uy Bayden Tramp bilan gaplasha olganini aytgan. Suhbat tafsilotlari keltirilmagan.
Donald Trampning suiqasddan keyingi bayonoti
Tramp voqeadan ikki soatdan sal ko‘proq o‘tib ijtimoiy tarmoqlarda voqeaga izoh bergan.
“Men AQSh Maxfiy xizmati va barcha huquq-tartibot idoralariga Pensilvaniya shtatining Butler shahrida roʻy bergan otishmaga tezkor javob bergani uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Eng muhimi, mitingda halok boʻlgan shaxsning oila a’zolariga hamda ogʻir jarohat olgan yana bir kishining oila a’zolariga hamdardlik bildiraman. Bu bizning mamlakatimizda sodir boʻlishi ajablanarli.
Hozirda otishmachi haqida hech narsa ma’lum emas, u hozir vafot etgan. Menga qarata otilgan oʻq oʻng qulogʻimning yuqori qismini teshib oʻtdi. Men nimadir notoʻgʻri ekanligini darhol angladim, hushtak, oʻq ovozini eshitdim va darhol oʻq terini yirtganini his qildim. Ko‘p qon ketish boshlandi va keyin nima boʻlayotganini tushundim. Xudo Amerikani yorlaqasin”, - deydi AQSh sobiq prezidenti va nomzod.
Shavkat Mirziyoyev suiqasdni qoraladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Amerika Qoʻshma Shtatlarining sobiq Prezidenti Donald Tramp Pensilvaniya shtatida saylovoldi uchrashuvda nutq soʻzlayotgan chogʻida uning hayotiga suiqasd uyushtirilgani haqidagi xabarni chuqur xavotir bilan qabul qildi.
“Davlatimiz rahbari ushbu zoʻravonlik harakatini keskin qoralaydi va Donald Trampga tez fursatda sogʻayib ketishini tilaydi”, - deyiladi Tashqi ishlar vazirligi xabarida.
Dunyo yetakchilarining munosabati
Trampga qilingan suiqasdga dunyo yetakchilarining munosabati:
Borrell, Netanyaxu, Modi, Guterresh, Tokaev, Vuchich, Aliev, Sanches, Shols, Sandu otishmani qoraladi;
Bayden mamlakatda zoʻravonlikka joy yoʻqligini aytdi. U mitingdagi otishmani qoraladi va AQSh fuqarolarini birdamlikka chaqirdi;
Erdogʻan Trampga suiqasdni keskin qoraladi. Turkiya AQShni ittifoqchisi sifatida qoʻllab-quvvatlashda davom etishini bildirdi;
Argentina prezidenti Mileyning idorasi voqeani demokratiyaga hujum deb atadi;
Zaxarova Qoʻshma Shtatlarda ular siyosiy raqiblarga nisbatan nafrat uygʻotishni ragʻbatlantirishini ta’kidladi;
Orban, Italiya Bosh vaziri Meloni va Si Szinpin Trampni qoʻllab-quvvatlashdi;
Braziliya prezidenti Luiz Inasiu Lula da Silva va Kanada bosh vaziri Tryudo otishma hodisasini qabul qilib boʻlmas deb atadi;
Yaponiya Bosh vaziri Kishida, Tailand Bosh vaziri Thaweesin, Isroil prezidenti Dyuk, Makron Trampga tezroq tuzalib ketishini tiladi;
Mask Trampni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini ma’lum qildi. Uning fikricha, AQSh Maxfiy xizmati rahbari Cyberly Cheatle sobiq prezidentga suiqasd uyushtirilganidan keyin iste’foga chiqishi kerak.
Gumonlanuvchining shaxsiga aniqlik kiritildi
AQSh sobiq prezidenti Donald Trampga suiqasd uyushtirishda gumonlanganning shaxsi ma’lum bo‘ldi – bu Pensilvaniya shtatida yashovchi 20 yoshli Tomas Metyu Kruksdir. U haqda qoʻshimcha ma’lumotlar mavjud emasligi va otishmada yolgʻiz oʻzi harakat qilgani, hozirda uning motivlari oʻrganilayotgani aytildi.
NBC ning xabar qilishicha, Donald Trampga oʻq uzgan shaxsning xorijiy davlatlar bilan aloqasi bo‘lmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda uning Trampga suiqasddan oldingi videosi ham paydo boʻldi.
Videoda “Mening ismim Tomas Metyu Kruks. Men respublikachilardan nafratlanaman, Trampdan nafratlanaman, topingchi nega? Siz kerakli odamni tanlamagansiz», – degan u.
Mergan Trampga uzgan oʻq Baydenni “oʻldirdi”
O‘zbekistonlik jamoat faollari suiqasd Donald Trampning qayta prezident bo‘lishida yordam berishiga ishora qilishdi.
“Bu suiqasd Trampning saylovdagi imkoniyatlarini yanada oshirib
yubordi, deb bemalol aytish mumkin” – deydi jurnalist Qobil Xidirov kanalida.
Bloger Otabek Artikov agar Tramp president bo‘lsa Ukrainaga yordam kamayishini aytdi.
“Trampga suiqasd qilishibdi.
U prezidentlik saylovida gʻalaba qozonsa Ukrainaga yordam toʻxtaydi, Ukraina yutqazadi.
Ukraina yutqazmasligi uchun gʻarb elitasi Trampni yoʻq qilishdan ham qaytmaydi.
Ammo bu omadsiz suiqasd endi Trampning reytingini faqat oshishiga xizmat qiladi.
Boboylar jangida yoshi kichikroq boboy gʻalaba qozonish ehtimoli ortib bormoqda...” – deydi u.
Shuningdek, Artikov “Nurbek Alimov aytganidek, Mergan Trampga uzgan oʻq Baydenni “oʻldirdi”. Trampni hozirdan Prezident boʻlgani bilan "Mallalar uyushmasi" nomidan tabriklayversak boʻladi”, – deya qo‘shimcha qildi.



