$
 12869.90
-4.96
 13496.66
-28.38
 124.94
1.88
weather
+26
Кечаси   +14°

General Kirillov o‘limida ayblanayotgan o‘zbek: Hozirgacha nimalar ma’lum?

Qotillik

Kuni kecha, Moskvadagi Ryazanskiy prospektidagi ko‘p qavatli uy yaqinida portlash sodir bo‘lgan. Portlovchi moslama ertalab soat oltilarda ishga tushgan. Natijada Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari general-leytenanti, Radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i Igor Kirillov va uning haydovchisi halok bo‘lgan.

Qurilma masofadan boshqarilgan

Qo‘lbola portlovchi qurilma uy yo‘lagidan chiqish joyda elektr skuterga o‘rnatilgan bo‘lgan. Portlovchi qurilmaning kuchi, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan 200 gramm trotilni tashkil etgan.

Tergovchilarning fikricha, bomba masofadan turib portlatilgan.

Uyning atrofi o‘rab olingan, sapyorlar tomonidan hudud ko‘zdan kechirilgan, skuter ekspertiza uchun olib ketilgan. Hovlida turgan bir qancha mashinaga hamda ko‘pqavatli uyning derazalariga zarar yetgan.

Gumonlanuvchi O‘zbekiston fuqarosi

Shuningdek, idora rasmiysi Irina Volk kechaning o‘zidayoq gumonlanuvchi Moskva viloyati Balashixa tumani Chernoye qishlog‘ida qo‘lga olingani haqida xabar berdi.

Gumonlanuvchining shaxsiga kiritilgan aniqlikka ko‘ra, u 1995-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lib chiqmoqda.

U Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan yollanganini aytgan

Qayd etilishicha, qo‘lga olingan shaxs tergovga keltirilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. So‘roq paytida u Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan yollanganini aytgan. Ularning ko‘rsatmasi bilan Moskvaga kelgan va qo‘lbola portlovchi moslamani Igor Kirillov yashagan turarjoy binosi kiraverishida turgan elektr skuteriga qo‘ygan.

Kadrlar terakt tashkilotchilariga onlayn tarzda uzatib turilgan

Harbiy xizmatchining yashash joyini kuzatish uchun u avtomashinani ijaraga olib, u yerda videokuzatuv kamerasini o‘rnatgan. Ushbu kameradan olingan kadrlar Dnepr shahridagi terakt tashkilotchilariga onlayn tarzda uzatib turilgan.

Harbiy xizmatchilarning uydan chiqishi poylab turilgan va o‘sha vaqtda portlovchi qurilma masofadan turib ishga tushirilgan.

Gumonlanuvchining videolari tarqalmoqda

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda gumonlanuvchining tergov jarayonidagi videotasvirlari tarqaldi. Unga ko‘ra, ushbu jinoyatni sodir etgani uchun jinoyatchiga 100 ming AQSh dollari miqdorida pul mukofoti va Yevropa davlatlaridan biriga yashash uchun borishi kafolatlangan.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova “Moskva general Kirillovning oʻldirilishining barcha tashkilotchilari va aybdorlari Rossiyani qoʻrqitmasligiga ishonadi”, dedi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi mavzu yuzasidan hozircha bayonot bergani yo‘q.

Теги :
Jamiyat