Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 96 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +14° kechasi +9°

Endi aybga iqror bo‘lish yagona dalil bo‘la olmaydi

Deputatlar qabul qilgan qonun loyihasiga ko‘ra, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs sud hukmi qonuniy kuchga kirib, uning aybi oshkora sud muhokamasi orqali isbotlanmaguncha, aybsiz deb hisoblanadi.

2 daqiqa o‘qiladi

Endi aybga iqror bo‘lish yagona dalil bo‘la olmaydi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilinishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ma’qullandi. Bu qonun Jinoyat-protsessual kodeks va “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunga bir qator o‘zgartishlarni nazarda tutadi.

Qonun loyihasidagi asosiy o‘zgarishlar:

— jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi;

— gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga va sudlanuvchiga o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni ta’minlanadi;

— aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak;

— gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin;

— hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas;

— agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas;

— shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilyapti.