$
 12980.16
44.89
 14606.57
239.37
 161.63
1.16
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Stomatitdan qanday saqlanish mumkin?

stomatit

Ogʻiz boʻshligʻi — tiriklik uchun zarur barcha ozuqalar oʻtuvchi manzil. Shu bois uning salomatligi butun organizmning sogʻlom boʻlishi uchun juda muhim.

Afsuski, hamma insonlar ham ogʻiz boʻshligʻi va tishlar ozodaligiga yetarli darajada e'tibor bermaydi. Oqibatda turli xastaliklar kelib chiqadi. Ulardan biri stomatitdir.

Xoʻsh, u qanday kasallik? Stomatitning sabablari, turlari va oldini olish usullari nimalardan iborat?

Ushbu savollarga tibbiyot fanlari doktori Haydar Komilov javob berdi.

  Stomatit — ogʻiz boʻshligʻi, jumladan, yonoq, til va milk shilliq qavatlarida keng tarqalgan yalligʻlanish. U kattalar va bolalarda birdek uchraydi. Kasallik tufayli ogʻizda turli yaralar hosil boʻlib, aksariyat hollarda ovqatlanish va suyuqlik ichayotganda noqulay ogʻriq kuzatiladi, — deydi mutaxassis.

Keltirib chiqaruvchi omillar

 Xastalikni keltirib chiqaruvchi omillar talaygina. Xususan, bakteriya, virus va zamburugʻlar stomatitga sabab boʻlishi mumkin. Shuningdek, ogʻiz boʻshligʻidagi mexanik jarohatlar, xususan, til yoki shilliq qavatni tishlash, tirnash, qattiq yoxud haddan tashqari issiq taomlar iste'mol qilish, allergik reaksiyalar, immunitet pasayishi, stress holatlari va notoʻgʻri ovqatlanish tufayli ham stomatit kelib chiqadi.

Stomatit turlari

Xastalikning turlari bir qancha. Jumladan, aftoz stomatitda ogʻizda kichik yaralar paydo boʻladi. Ular juda ogʻriqli boʻlib, bir necha kundan bir necha haftagacha davom etishi mumkin. Gerpes virusi tufayli kuzatiladigan gerpetik stomatit odatda bolalarda koʻp uchraydi.

 Zamburugʻ infeksiyasi oqibatida yuzaga keladigan kandidoz stomatit koʻpincha immuniteti zaif odamlarda kuzatilib, ogʻiz boʻshligʻida oq qavatlar paydo boʻladi. Qolaversa, mexanik jarohatlar natijasida travmatik stomatit kelib chiqadi. Allergik stomatit esa oziq-ovqat yoki dori vositalariga allergik reaksiya tufayli hosil boʻladi.

 Kasallik asosan ogʻizdagi yaralar, blisterlar, yalligʻlanish, qizarish, shish, isitma (ba'zi hollarda), ovqat eya olmaslik va ogʻizdagi noqulaylik kabi belgilar bilan kechadi.

Tavsiyalar

Stomatit tashxisi shifokor tomonidan klinik koʻrik orqali qoʻyiladi. Kerak boʻlsa, qon tahlillari, yalligʻlanish ostidagi mikrobiologik tekshiruvlar oʻtkazilishi mumkin va shunga qarab davolash muolajasi belgilanadi.

 Kasallikning oldini olish uchun, avvalo, ogʻiz boʻshligʻi ozodaligiga qat'iy rioya qilish kerak. Buning uchun tishlarni kunda 2 mahal (ertalab va yotishdan avval) yuvish, ogʻizni dorivor giyohlar (moychechak) damlamasi bilan chayish talab etiladi. Shuningdek, vitamin va minerallarga boy oziq-ovqat mahsulotlarini iste'mol qilish ham stomatitdan saqlanishda juda muhim.

Теги :
Jamiyat