O‘zbekistonliklar xorijga tez-tez sayohat qila boshladi
Joriy yilning 9 oyida chet elga sayohat qilgan o‘zbekistonliklar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35,8%ga yoki 1,2 million nafarga ko‘p. Xo‘sh, vatandoshlarimiz eng ko‘p qayerga sayohat qilmoqda?
2 daqiqa o‘qiladi

Joriy yilning to‘qqiz oyida turistik maqsadda chet elga ketgan O‘zbekiston fuqarolari soni uchdan bir qismdan ko‘proqqa oshdi. Bu haqda Statistika agentligi xabar berdi.
O‘zbekistonliklar eng ko‘p qayerga sayohat qilmoqda?
Yanvar-sentyabr oylarida 4,5 million nafar o‘zbekistonlik xorijga turistik maqsadda sayohat qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 35,8%ga yoki 1,2 million nafarga ko‘p. Eng yuqori ko‘rsatkich Qirg‘izistonga to‘g‘ri keladi hamda 2,1 mln. nafar o‘zbekistonlik o‘tgan davrda mazkur mamlakatga sayohat qilgan. Yillik hisobda bu ko‘rsatkich 50%ga o‘sgan.
Tojikiston 895,1 ming nafar (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan +9%) hamda Qozog‘iston 719,9 ming (+27,3%) nafar sayyoh bilan kuchli uchlikni yakunladi.
Saudiyaga safarlar 2,5 baravarga o‘sdi
Shuningdek, to‘qqiz oy yakunida Rossiyaga 222,9 ming (+33,4%) nafar, Turkiya — 180,9 ming (+22,8%), Saudiya Arabistoni — 121,9 ming (o‘sish — 2,51 baravar) hamda BAAga 90,3 ming (-0,05%) nafar fuqaro turistik maqsadlarda borgan.
Ulardan keyin Misr — 32,1 ming (+58,9%), Quvayt — 20 ming (-34,7%), Janubiy Koreya — 17,5 ming (+35,6%) hamda boshqa mamlakatlar 128,2 ming nafar o‘zbekistonlik fuqarolar tashrifi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, sakkiz oyda O‘zbekistonga 5 mln. nafardan ortiq turist tashrif buyurgan edi. Bunda yetakchilikni 1,47 mln nafar sayyoh bilan Tojikiston egallab turibdi.



