Juma, 23-oktabr, 2026
Havo 72 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +13° kechasi +8°

“Sputnik”dagi gaz muammosi yuzasidan qurilish kompaniyasi sudga berildi

Noqonuniy, hujjatsiz qurilishlar ortidan nafaqat aholi, balki davlat byudjetiga ham zarar yetishi tabiiy. Ammo, butun boshli turarjoy binosi qurib bitkazilguniga qadar mahalliy hokimlik nega jim edi?

2 daqiqa o‘qiladi

Ko'pqavatli uy ko'p xonadonli "dom" kvartira

Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi “Sputnik-6” mavzesida qurilgan yangi turar joy binolari aholisi bir necha yildan buyon gaz ta’minotisiz va kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan holda yashab kelmoqda. Ushbu masala yuzasidan fuqarolarning ko‘p marotaba qilgan murojaatlari javobsiz qolgan. Ammo so‘nggi vaziyatdan so‘ng Qurilish vazirligi ushbu turar joyni qurgan “ERAM QURILISH” MCHJ ustidan sudga da’vo arizasi kiritganini e’lon qildi.

Bayonot mazmuni

Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur obyekt “ERAM QURILISH” MCHJ tomonidan inspeksiyani xabardor qilmasdan noqonuniy tarzda qurilgan. Qurilish ishlari 2021-yildayoq aniqlangan va kompaniyaga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha yozma ko‘rsatmalar berilgan. Ammo bu talablar hanuzgacha bajarilmagan.

2024-yil 5-noyabr kuni yana bir bor monitoring o‘tkazilgan va mazkur qurilish obyekti to‘xtatilganligi aniqlangan. Qurilish vazirligi kompaniya rahbarlari ustidan sud orqali choralar ko‘rish uchun rasmiy da’vo kiritmoqda. Shu bilan birga, inspeksiya kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish quruvchi kompaniyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri majburiyati ekanini ta’kidladi.

Aholini qiynayotgan muammolar

Mazkur turar joy aholisi gaz ta’minoti yo‘qligi sabab kunlik elektr energiyasiga o‘rtacha 70 ming so‘mgacha to‘lov qilishayotganini ta’kidlamoqda. Aytish kerakki, elektr ta’minoti ham muntazam emas. Qish mavsumida O‘zbekistonning mavsumiy muammosi: chiroq huda-behuda o‘chaverishi hech kimga sir emas. “Kadastr hujjatlarimiz yo‘qligi sabab gaz tarmog‘iga ulanmayapmiz. Qishning sovuq kunlari qanday yashashimizni bilmayapmiz,” – deyiladi aholi murojaatida.

Muammo qanday hal etiladi?

Murojaatlar natijasida Toshkent shahar hokimi va Yangihayot tumani hokimi vaziyatni o‘rganish uchun kecha yarim kechasi hududga borgan, deb yozmoqda jurnalist va bloger Muhrim A’zamxo‘jayev. Qurilish inspeksiyasi esa sudga tegishli da’vo arizasini kiritgan.

Bu O‘zbekiston bo‘ylab tizimli muammoga aylanib ulgurdi

“Sputnik-6”dagi vaziyat O‘zbekistonda ko‘p xonadonli yangi qurilgan uylar oldida turgan kengroq muammoni ko‘rsatadi. Aniqlangan holatlar faqat Toshkent bilan cheklanmaydi. Bloger Muhrim A’zamxo‘jayev o‘z blogida aholining murojaatlarini o‘rganib, xuddi shunday gaz va issiqlik muammolari Farg‘ona shahri kabi hududlarda ham yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda kuzatilayotganini ta’kidlamoqda. Asosiy savol esa shunda: O‘zbekistonda yangi qurilayotgan xususiy uy-joylar masalasiga ko‘z-quloq bo‘ladigan biror tashkilot bormi? 

O’zi nega muammolar har doim blogerlar va jamoatchilik ko‘tarib chiqqandan keyingina mas’ullar “dumi kuygan tovuq” dek tipirchilab, harakatga tushadi? Nega tegishli tashkilotlar va hokimliklar fuqarolarning murojaatlariga vaqtida javob bermaydi, hal etmaydi? 

Unutmaslik kerak, o‘z vaqtida yechilmagan har bir masala aholining tizimga bo‘lgan ishonchni yo‘qqa chiqaradi.