Jizzax iqtisodiyoti O‘zbekiston bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan tezroq o‘smoqda — Fitch
Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Jizzax viloyatiga “BB−” kredit reytingini berdi. Reyting bo‘yicha prognoz “Barqaror” deb belgilandi.
1 daqiqa o‘qiladi

Fitch Ratings xalqaro reyting agentligi Jizzax viloyatiga “BB−” kredit reytingini berdi. Reyting bo‘yicha prognoz “Barqaror” deb belgilandi.
Bu baho viloyatning moliyaviy holatini aks ettiradi va xorijiy investorlar uchun qo‘shimcha ma’lumot manbai bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Jizzax iqtisodiyoti mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan tezroq o‘smoqda
Fitch Ratings tahlilchilarining baholashicha, Jizzax viloyati iqtisodiyoti O‘zbekiston bo‘yicha o‘rtacha o‘sish sur’atlaridan tezroq rivojlanmoqda. Hududning moliyaviy profiliga esa “aa” baho berilgan.
Xalqaro kredit reytingi hududning moliyaviy ahvoli, qarz majburiyatlarini bajara olish imkoniyati va bu bilan bog‘liq xatarlarni baholashga yordam beradi.
Bu reyting xorijiy investorlarga nima beradi?
Xorijiy investor biror hududga sarmoya kiritishdan oldin uning iqtisodiy salohiyati, moliyaviy barqarorligi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni o‘rganadi.
Fitch Ratings kabi xalqaro agentliklarning bahosi investorlarga qaror qabul qilishda qo‘shimcha ma’lumot beradi.
Jizzax viloyatining xalqaro kredit reytingiga ega bo‘lishi hududga xorijiy sarmoya jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishi va uning investitsiyaviy salohiyatini xalqaro miqyosda namoyish etishga yordam berishi mumkin.
Biroq reyting berilgani viloyatga investitsiyalar darhol kirib keladi, yangi zavodlar quriladi yoki ish o‘rinlari yaratiladi, degani emas. Bularning barchasi aniq loyihalar va investorlarning qarorlariga bog‘liq.



