Uch nafar o‘zbek sportchilari 2024-yilni o‘z yo‘nalishida birinchi o‘rinda yakunlaydi
2024-yil Olimpiada yili sifatida tarixdan o‘rin egalladi. Jahon reytingini peshqadam sifatida yakunlovchi sportchilarning uchalasi ham Parij-2024 Olimpiadasi chempionlari hisoblanadi.
3 daqiqa o‘qiladi

2024-yil Olimpiada yili sifatida tarixdan o‘rin egalladi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu yilni uch nafar o‘zbekistonlik sportchi o‘z yo‘nalishiga ko‘ra, jahon reytingida peshqadam sifatida yakunlaydi. Ularning uchalasi ham Parij-2024 Olimpiadasi chempionlari hisoblanadi.
Erkin kurashchi Razambek Jamalov (-74 kg);
Dzyudochi Diyora Keldiyorova (-52 kg);
Taekvondochi Ulug‘bek Rashitov (-68 kg).
Razambek Jamalov
Razambek Parij Olimpiadasi finalida Yaponiya vakili Takatanini mag‘lub etib, oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Shu munosabati bilan sportchiga 200 ming AQSh dollari, ikki qavatli hovli hamda Tahoe avtomobili sovg‘a qilingan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan birida aytilishicha, O‘zbekiston erkin kurash terma jamoasi a’zosi Razambekka federatsiya tomondan qiymati taqriban 800 millioni tashkil qiluvchi Li 7 avtomobili sovg‘a qilingan. Sportchi ushbu avtomobillarni murabbiylari — Musa Saydulbatalov va Adam Saytiyevga sovg‘a qiladi. O‘z navbatida, dog‘istonlik tadbirkorlardan biri Razambekga 5 million rubl taqdim etgan.
Diyora Keldiyorova
Diyora Keldiyorova Parij Olimpiadasi finalida kosovolik Tokio Olimpiadasi chempioni hamda nimchorak finalda yaponiyalik Uta Abeni yengib, O‘zbekiston tarixida yozgi Olimpiada bahslarida medal olgan ilk ayol sportchi sifatida tarixga kirdi. Hali shu vaqtgacha yurtimizda ayol sportchilardan hech kim bunday muvaffaqiyatga erishmagan edi. Diyora Baxtiyorovna Keldiyorova - 1998-yil 13-iyul kuni Samarqandda tavallud topgan. XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi, Osiyo chempioni, Jahon chempionati va Jahon harbiy o‘yinlari sovrindori. Dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” g‘olibi bo‘lgan birinchi o‘zbek qizi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori. Ma’lumot uchun, 26 yoshli Keldiyorova 2019 va 2022-yillarda Osiyo chempioni, 2023-yil Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan, 2023 va 2024-yillarda jahon chempionatlarida kumush medal bilan taqdirlangan.
Ulug‘bek Rashitov
Taekvondochi Ulug‘bek Rashitov Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. U O‘zbekiston tarixida ikkita Olimpiya o‘yinlari oltin medalini qo‘lga kiritgan birinchi taekvondochi bo‘ldi. 68 kilogrammgacha toifada Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni bo‘lgan 22 yoshli sportchi finalda Osiyo o‘yinlari vitse-chempioni iordaniyalik Zaid Abdul Karim bilan kuch sinashdi. Ulug‘bek Rashitov 2002-yil 23-martda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2016-yildan O‘zbekiston kadetlar terma jamoasi, keyin o‘smirlar va yoshlar terma jamoalari tarkibidan o‘rin olgan, so‘ng terma jamoaga o‘tgan. 2018-yilda Tunisda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritgan. O‘sha yili Buenos-Ayresdagi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida kumush medalni olgan. 2019-yilda Uxan shahrida o‘tgan harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionatida u shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilgan. Tokio-2020 Olimpiadasida Ulug‘bek Rashitov oltin medalni qo‘lga kiritgan va shu orqali o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochgan. Aynan u 19 yoshida Olimpiya chempioni unvoniga ega chiqishga muvaffaq bo‘lgan birinchi o‘zbek taekvondochisi va O‘zbekiston tarixidagi eng yosh Olimpiya chempioni bo‘lgan edi.






