$
 12142.10
-52.11
 14079.98
95.66
 150.53
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston futbol jamoalarining yillik byudjeti: Bir futbol klubining yillik xarajati qanchaga tushadi?

Mash

O‘zbekiston chempionati ayni dam tanaffusda. Jamollar xorij va mamlakatning o‘zida yig‘in o‘tkazib, yangi mavsumga tayyorlanmoqda. Bu orada o‘tgan mavsumga doir juda qiziqarli ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlardagi manbalarda paydo bo‘lmoqda. Odatda O‘zbek futbolida klublarning yillik xarajatlar smetasi ochiqlanavermaydi. Qiziqarlisi, 2024-yilga kelib ham bu “yopiqlik siyosati” o‘zgarmadi. Shunday bo‘lishiga qaramay, mavsum yakunlangach tarmoqdagi manbalarda jamollarning o‘tgan yildagi yillik xarajatlari smetasi narxlari paydo bo‘la boshladi.

2022-yil grandlarining yillik byudjeti

Mavzuga kirishishdan avval qiyoslash uchun O‘zbekiston chempionati yetakchi jamoalarining 2022-yildagi xarajatlar smetasini ko‘rib chiqamiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilda “Nasaf” jamoasining yillik xarajatlar smetasi 61 milliard so‘mni tashkil qilgan. O‘sha yilda mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan “Paxtakor” jamoasining yillik xarajatlar smetasi esa 68 milliard so‘mni tashkil qilgan. Shuningdek, shaxsan viloyat hokimi qiziqishlari doirasida bo‘ladigan ”Navbahor” futbol klubi bu borada yetakchi bo‘lgan. Jamoaning yillik xarajatlar smetasi deyarli 84 mlrd. so‘mni tashkil qilgan. Shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tish lozim, yuqoridagi va umuman, ushbu maqolada beriladigan raqamlar klub tomonidan rasman tasdiqlanmagan. Uzoq yillik tendensiyadan xulosa qilish mumkinki, yaqin kelajakdan ham bunday ishlarni kutish mushkul. Barcha ma’lumotlar klubga yaqin bo‘lgan shaxslar va manbalar, shuningdek, mutaxassislar tilidan yangragan ma’lumotlarga ko‘ra keltiriladi.

Yetakchilarning yillik xarajatlar smetasi

Keling, jamoalarning 2024-yildagi yillik byudjetini ham uzviylik yo‘qolmasligi uchun yuqoridagi ketma-ketlikda ko‘rib chiqamiz. Shunday qilib, o‘tgan mavsum chempioni uchun klubning Superligadan tashqari, OCHLda ham ishtirok etishi inobatga olinib, yillik byudjet taxminan 130 milliard so‘m atrofida belgilangan. Mavsumni kim uchundir kutilgan, yana kim uchundir kutilmagan holda 6-o‘rin bilan yakunlagan “Paxtakor” jamoasi esa 2024-yildagi yillik xarajatlar smetasi uchun qariyb 100 milliard so‘m sarflagan. Ma’lumot uchun, klubning 2025-yildagi byudjeti 100 milliard so‘mdan oshishini ma’lum qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Namangan jamoasi o‘tgan yilgidan farqli 2024-yil uchun 55-60 milliard atrofida mablag‘ sarf etishni mo‘ljallagan.

Ikkinchi eshelon

Qolgan jamollarning yillik xarajatlari smetasini yakuniy turnir jadvali ketma-ketligida davom ettiramiz. Moliyaviy juda baquvvat homiyga ega bo‘lgan Olmaliqning OKMK jamoasining yillik xarajati o‘tgan yili 49 milliard so‘mni tashkil qilgan. Yangi mavsum oldidan jamoani juda ko‘p tajribali o‘yinchilar bilan to‘ldirayotgan Farg‘onaning “Neftchi” jamoasining 2024-yildagi xarajatlari smetasi 100 milliard so‘mni tashkil qilgan. Baxtiyor Fozilov va Eriell kompaniyasi tomonidan moliyalashtiriladigan Surxondaryoning “Surxon” futbol klubining yillik xarajat smetasi taxminan 50-60 milliard so‘mni tashkil etgan. Mavsum davomida “Agromir Group” kompaniyasi tomonidan moliyalashtirilgan “Dinamo” futbol klubi eng kam byudjetga ega bo‘lgani haqida jamoa murabbiyi matbuot anjumanida aytib o‘tgan. Jamoaning 2024-yilgi yillik byudjeti taxminan 40 milliard so‘m bo‘lgan. Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov va O‘zAvtoSanoat rahbariyati qo‘llovi ostidagi “Andijon” futbol klubi O‘zbekiston kubogi-2024 g‘olibiga aylandi. Klub rahbariyati va viloyat hokimi tomonidan jamoa o‘yinchilariga g‘oliblik uchun 200 million so‘mdan mukofot pullari berildi. Klubning yillik xarajatlar smetasi esa taxminan 45 milliard so‘mni tashkil etgan.

Uchinchi eshelon

Mavsumni 10-o‘rinda yakunlagan Toshkentning “Bunyodkor” futbol klubining yilli xarajatlar smetasi 69 milliard so‘mni tashkil qilgan. Navoiydagi yirik sanoat tashkiloti NKMK tomonidan moliyalashtirilgan “Qizilqum” klubining yillik byudjeti taxminan 50 milliard so‘m atrofida bo‘lgan. 2024-yilda Elitani tark etgan Superliganing 3 jamoasida ham yillik xarajatlar smetasi bir-biriga yaqin bo‘lgan. Masalan, “Lokomotiv”da bu raqamlar 65 milliardni, “Metallurg”da esa 50 milliardni tashkil qilgan.

Superligaga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan Pro Liga jamoalari

Pro Ligani muvaffaqiyatli yakunlab, Superliga ishtirokchisiga aylangan jamoalarning yillik xarajatlar smetasi haqida ham taxminiy ma’lumotlar mavjud. Masalan, bu raqam “Mash’al”da 13, “Sho‘rtan”da 16, “Qo‘qon 1912”da hamda “Buxoro”da 45 milliardni tashkil qilgan. Ma’lumot uchun, yuqoridagi ma’lumotlarning ba’zilari tasdiqlangan, ba’zilari esa aksincha. Biroq ular ham amaldagi raqamlarga nisbatan yaqin. Ma’lumotlar o‘zbek futbolida mavjud manbalar va mutaxassislarning blogidan olindi.

Теги :
Jamiyat