$
 12003.18
13.09
 13987.31
12.86
 156.68
-1.27
weather
+26
Кечаси   +14°

Smartfonni 2 yil ko‘proq “yashatish” uchun nima qilish kerak?

smartfon

Bugungi kunda smartfonlar hayotimizning bir qismiga aylangan. Ular faqat aloqa vositasi emas, balki kamera, ish quroli, xarita, hamyon, kundalik yordamchi va ko‘ngilochar markazga aylanib bo‘lgan. Shuning uchun ham telefonning sekinlashishi yoki quvvatining tez tugashi ko‘pchilikni jahlini chiqaradi. Shu sababli odamlar smartfonlari atigi 1–2 yil ichida kuchsizlanib, ishlashi yomonlashishidan shikoyat qiladi. Aslida esa muammo telefonning o‘zida emas, balki undan qanday foydalanayotganimizda. To‘g‘ri foydalanish orqali smartfoningizning xizmat muddatini bemalol yana 2 yilga uzaytirish mumkin.

Quyida smartfon umrini sezilarli darajada oshiradigan ishonchli usullarni jamladik…

Batareyaga bosim bermang

Smartfonning eng tez eskiradigan qismi bu batareya. Uni yaxshi saqlash uchun telefonni mutlaqo 0% gacha tushirib yubormaslik va 100% gacha to‘ldirib qo‘ymaslik juda muhim. Eng yaxshi zaryad diapazoni 20–80% atrofida bo‘ladi, chunki bu batareyaga eng kam bosim beradi. Kechasi telefonni zaryadga qo‘yib uxlab qolish ziyon qiladi va ortiqcha issiqlik batareyani tez eskirtiradi. Shuning uchun energiya tejovchi rejimlar va sokin usullarni qo‘llash quvvatni tejab, batareya umrini uzaytiradi.

Telefonni qizib ketishidan asrang

Issiqlik smartfonning yashirin dushmani bo‘lib, u protsessor, batareya va ekran kabi eng muhim qismlarning umrini qisqartiradi. Telefonni quyosh ostida qoldirmaslik, qalin g‘ilof ostida qizib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik juda muhim. Samrtfonni zaryadga ulagan holda o‘yin o‘ynash esa qurilmani ikki karra qizdiradi. Agar telefon qizib ketganini sezsangiz, uni bir necha daqiqaga o‘chirib qo‘yish eng yaxshi yordam bo‘ladi.

Ortiqcha yukdan xalos qiling

Telefoningizdagi keraksiz ilovalar, to‘lib ketgan xotira va yig‘ilib qolgan kesh tizimni sekinlashtiradi. Bu jarayon telefonning ishlashiga qiyinchilik tug‘dirib, eskirishni tezlashtiradi. Shuning uchun vaqti-vaqti bilan keraksiz dasturlarni o‘chirib, xotirani tozalab turish kerak. Xotirada kamida 20% bo‘sh joy bo‘lishi esa telefonning erkin ishlashiga yordam beradi.

Arzon quvvatlagichlardan foydalanmang

Sifatsiz yoki arzonga sotiladigan zaryadlovchi qurilmalar telefonni beqaror tok bilan ta’minlab, batareyani asta-sekin ishdan chiqaradi. Original yoki sertifikatlangan adapterlardan foydalanish esa batareyaning sog‘lom ishlashini kafolatlaydi. Mashinada zaryadlash esa kuchlanishning tez-tez o‘zgarishi sabab, telefonga qo‘shimcha yuk beradi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan batareya quvvatining pasayishiga olib keladi.

Port va dinamika teshiklarini tozalang

Telefoningizning quvvatlagich portiga yig‘iladigan chang, ko‘pincha sezilmasa-da, zaryad olishni qiyinlashtiradi yoki umuman to‘xtatishi mumkin. Portni tish kovlagich kabi metall asboblar bilan emas, balki yumshoq cho‘tka yoki havo purkagich bilan ehtiyotkorlik bilan tozalagan ma’qul. Bu usul quvvatlash muammosini hal qiladi va telefoningizning umumiy ishlashini yaxshilaydi.

Ekran va korpusni himoya qiling

Telefonning ekrani eng qimmat va eng nozik qism hisoblanadi. Agar u shikastlansa, ta’mirlash telefonning yarim puliga tushadi. Shuning uchun zarbaga chidamli shisha o‘rnatish va burchaklarni himoyalovchi g‘ilofdan foydalanish juda foydali. Suvga chidamsiz telefonni yomg‘irda ishlatmaslik ham uning umrini uzaytiradi.

Yangilanishlarni o‘z vaqtida o‘rnating

Ko‘pchilik foydalanuvchilar yangilanishlardan qo‘rqishadi, ammo ular telefonning nafaqat dizaynini, balki xavfsizlik, tezlik va barqarorlikni ham yaxshilaydi. Yangilanishlar xatolarni tuzatadi, tizimni yengillashtiradi va telefonning umrini uzaytiradi. Eski operatsion tizimda yurish esa aksincha, qurilmani sekinlashtiradi va xavfli qiladi.

Теги :
Jamiyat