$
 12948.10
-9.04
 14696.09
-6.38
 156.93
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Toshkentdagi maktablarda sil tarqaldimi?

sil

Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizdagi umumta’lim maktablaridan birida sil kasalligi aniqlangani haqida xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Toshkentda 11-sinf o‘quvchisida sil kasalligi aniqlanib, shifoxonaga yotqizildi

Aniqlanishicha, Shayxontohur tumanidagi 59-sonli umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi M.S. 2024-yil 26-dekabr kuni Toshkent shahar 3-son ftiziatriya dispanseriga murojaat qilgan.

Bemorning opasi M.D.ning so‘zlariga ko‘ra, singlisi M.S. so‘nggi oylarda tez-tez kasallangan. U davolanish uchun faqat xususiy klinikalarga murojaat qilib kelgan. Oxirgi marta LOR-shifokor ko‘rigidan keyin u 3-son ftiziatriya dispanseriga yuborilgan.

Dispanserda o‘tkazilgan rentgenografiya natijasida M.S.ga “O‘ng o‘pka yuqori bo‘lagi yallig‘langan sili, yemirilish davri, BK +” tashxisi qo‘yildi. Shundan so‘ng bemor darhol Toshkent shahar bolalar sil kasalliklari shifoxonasiga yotqizildi.

Muloqotda bo‘lgan shaxslar tekshiruvdan o‘tkazildi

M.S. bilan uy sharoitida muloqotda bo‘lgan 6 nafar kishi (ularning 2 nafari 6 yoshgacha bolalar) 2024-yil 27-dekabr kuni Toshkent shahar 3-son ftiziatriya dispanserida rentgen tekshiruvidan o‘tkazildi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ularda faol sil kasalligi aniqlanmadi.

Bundan tashqari, M.S. bilan muloqotda bo‘lgan va kasallik yuqtirish xavfi mavjud bo‘lgan 59-sonli umumta’lim maktabi hamda bemor qo‘shimcha darsga qatnagan xususiy o‘quv markazining o‘quvchilari va o‘qituvchilari ham Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi nazorati ostida 3-son ftiziatriya dispanserida rentgenografiya va diaskin test tekshiruvlaridan o‘tkazildi.

Maktab o‘quvchilari orasida sil kasalligi aniqlanib, profilaktik chora-tadbirlar boshlandi

Tekshiruvlar natijasida 2008-yilda tug‘ilgan bemor M.S.ning yaqin dugonasi bo‘lgan A.A. ismli o‘quvchi, “O‘ng o‘pka yuqori bo‘lagi o‘choqli sili” BK abs tashxisi bilan aniqlanib, darhol shifoxonaga yotqizildi.

Bundan tashqari, 3 nafar o‘quvchi — A.A., R.M., E.D. va 1 nafar o‘qituvchi B.U.larda sil kasalligiga moyillik belgilari aniqlangani bois ularga profilaktik davo muolajalari tayinlandi va davolash jarayoni boshlandi. Shuningdek, maktabda bemor bilan muloqotda bo‘lgan o‘qituvchilar maxsus tekshiruvdan o‘tkazildi hamda ular orasida kasallikni yuqtirib olganlar aniqlanmadi. Amaldagi tartibga ko‘ra ular 6 oydan so‘ng qayta tekshiruvdan o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Maktab direktori ma’muriy javobgarlikka tortildi

Sanepidqo‘mita mutaxassislari tomonidan 59-sonli umumta’lim maktabida epidemiologik o‘rganishlar olib borilishi natijasida maktabda sanitariya talablarining qo‘pol ravishda buzilishi, sil kasalligi bilan kasallangan bemorni erta aniqlanmagani va o‘z vaqtida chora-tadbirlarni tashkil etilmaganligi hamda pedagoglarning davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi ma'lum bo‘ldi.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ushbu maktab direktoriga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Maktab o‘quvchilari uchun vaqtincha sharoitlar va sanitariya tadbirlari kuchaytirildi

Bugungi kunda 59-sonli umumta’lim maktabida davlat dasturi asosida kapital rekonstruksiya ishlari olib borilayotgani sababli ushbu ta’lim muassasasining boshlangʻich sinf oʻquvchilari 115-umumta’lim maktabida, yuqori sinf oʻquvchilari esa tumandagi 82-sonli umumta’lim maktabida oʻqishni davom ettirmoqda.

Joriy yil 21-yanvarda 82-sonli umumta’lim maktabida tegishli zararsizlantirish va dimlash tadbirlari takroriy olib borildi. 2025-yil 22-yanvar kuni esa yalpi tozalash va shamollatish tadbirlari oʻtkazildi.

Shuningdek, 115-sonli umumta’lim maktabida ham 23-yanvar kuni tegishli zararsizlantirish va dimlash tadbirlari takroriy tashkil etildi.

Теги :
Jamiyat