Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 95 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +14° kechasi +9°

SI ishlagan ilk film, chatbotlar, qotil robotlar, dipfeyklar: Sun’iy intellekt olamida nima gaplar?

2024-yilga kelib SI kundalik hayotimizda eng asosiy yordamchiga aylandi. Bu yilning sun’iy intellekt sohasidagi eng qaynoq trendlarini bir postga jamladik.

4 daqiqa o‘qiladi

SI ishlagan ilk film, chatbotlar, qotil robotlar, dipfeyklar: Sun’iy intellekt olamida nima gaplar?

2024-yilga kelib SI kundalik hayotimizda eng asosiy yordamchiga aylandi. Bu yilning sun’iy intellekt sohasidagi eng qaynoq trendlarini bir postga jamladik. 

Eng yaxshi suhbatdosh

Chatbotlar - bu dasturiy ilovalar bo'lib, matn yoki ovoz orqali inson bilan suhbatlasha oladi. Dastlab, oddiy mijozlarga xizmat ko'rsatish uchun yaratilgan, ammo endi ular sun'iy intellekt va tabiiy tilni qayta ishlash yordamida yanada takomillashdi. Zamonaviy chatbotlar murakkabroq savollarga javob berishi va inson kabi tabiiy, samimiy suhbatlashishi mumkin.

Tabiiy tilni qayta ishlash sun'iy intellektning bir bo'limi bo'lib, u chatbotga inson tilini tushunish, javob qaytarish va boshqarish imkonini beradi.

Bu yilgi yangilanishlar chatbotlarning foydalanuvchi tajribasini takomillashtirishga qaratilgan. SI va tabiiy tilni qayta ishlash texnologiyalari tufayli chatbotlar kontekstni yaxshiroq tushunib, ko'p bosqichli suhbatlarni oson boshqara oladi. 

Bu sohada inson bilan muloqotga kirishish inqilobi katta til modellari, masalan, OpenAIning GPT-4 tizimi orqali amalga oshirilmoqda. Ushbu modellarga katta ma'lumotlar to'plami kiritiladi, suhbatdoshiga qarab, ular kontekstga mos va to'g'ri javoblar berishga qodir boʻladilar. 

Bugungi kunda chatbotlar operatorlarga yordamchi oʻlaroq servis, online yordam, tibbiyot va ta'lim sohalarida qoʻllab-quvvatlash xizmati sifatida turli platformalarga joylanmoqda.

Tibbiyotda gibrid SI

Sun'iy intellekt va sensorli gadjetlar tibbiyot sohasida katta imkoniyatlar yaratmoqda. Oʻzaro bogʻlangan aqlli gadjetlar bemorlarning yurak urishi, qon bosimi va qand miqdori kabi biometrik ma'lumotlarini to'playdi va SI yordamida tahlil qiladi, bu esa kasalliklarni erta aniqlash va davolashda yordam beradi. 

Gibrid SI turli SI yondashuvlarini, masalan, chuqur tahlil qilish va qoida asosida ishlashni oʻzida birlashtiradi. Bu usul murakkab tibbiy ma'lumotlarni tahlil qilishda samaradorlikni oshiradi. Misol uchun, turli algoritmlar kasallik belgilarini aniqlash va davolash usullarini taklif qiladi. Sensorli gadjetlar tomonidan yig'ilgan ma'lumotlar SI yordamida tahlil qilinadi, bu esa kasalliklarning ertaroq bosqichida aniqlanishiga yoʻl ochadi. SI bemorlarning individual ma'lumotlari asosida xoslangan davolash rejasi tuzib chiqadi. Masofaviy kuzatuv gadjetlari shifokorlarga bemorlarni masofadan turib doimiy nazorat qilish imkonini yaratadi. Sog'liqni saqlash sohasida gibrid AI va aqlli gadjetlar aniq diagnostika, xoslangan davolash usullari va bemorlarni masofaviy kuzatish imkoniyatlarini taqdim etadi, bu esa tibbiy xizmatlarning sifatini oshiradi.

Tanishing - qotil robotlar!

“Terminator” yoki “Yulduzlar jangi” kabi ilmiy-fantastik filmlardagi odam oʻldiruvchi robotlar SI yordamida reallikka aylanyapti. Avtonom qurollar, soddaroq aytganda, qotil robotlar texnologik rivojlanish tufayli tez sur'atlarda takomillashmoqda. Ushbu tizim sensorli boshqaruv hamda sun'iy intellekt yordamida oʻljani aniqlaydi va hujum qiladi, bunda inson nazorati minimal darajada boʻladi. Bu qurollar oʻzi allaqachonlardan beri mavjud, lekin bugungi SI yutuqlari ularni yanada murakkab va aqllilashishiga sabab boʻlyapti.

Bugungi kunda Janubiy Koreya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Isroil, Xitoy va AQSH kabi davlatlar bu kabi xavfli mashinalarni yanada rivojlantirish ustida ish olib boryaptilar. Ushbu texnologiyalar urushlar, umuman olganda, harbiy sohaning kelajagini tubdan o'zgartirib yuborishi kutilyapti. Bunday tizimdan foydalanish axloqiy, huquqiy va xavfsizlik masalalarini keltirib chiqaradi. Inson huquqlari himoyachilari, jumladan, Inson Huquqlari tashkiloti mazkur turdagi qurollarni taqiqlash uchun yangi xalqaro shartnoma talab qilmoqda. Texnologik yutuqlar bilan birga kelayotgan xavf-xatar va axloqiy normalarni inobatga olgan holda, xalqaro hamjamiyat muvozanatli va adolatli yechimlarni topishi zarur bo'ladi.

Sun’iy Intellekt kirdikorlari - dipfeyk

SIdan qanday maqsadlarda foydalanish, odatda, odamning oʻziga bogʻliq. Xoh ijobiy, xoh salbiy boʻlsin, u foydalanuvchining vijdoniga havola. 2024- yilga kelib ijtimoiy tarmoqlarda soxta videolar soni koʻpaygandan-koʻpaydi. Ularning aksariyati jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazish, yolg‘on ma’lumot tarqatish hamda foydalanuvchilarning pul mablag‘larini noqonuniy qo‘lga kiritish maqsadida yaratiladi va ommalashtiriladi. Avvallari dipfeyk (eng. deep - oʻta, fake - soxta) bilan yaratilgan “ijod namunalari”ga sinchiklab qaralsa, odamning yuzi, qiliqlari, intonatsiyasi soxtaligi bilinib qolardi. Bugunga kelib esa dipfeyklar shunchalar takomillashdiki, endi video, audio, tasvirlarni “fotoshop”mi yoʻqmi, bilish ilojsizlashdi goʻyo. Mutaxassislarning fikricha, global miqyosda saylovlarda dipfeyklarning ko‘payishi kuzatilmoqda. 

Ba’zi mamlakatlar saylov kampaniyalarida sun’iy intellekt yordamida yaratilgan audio, tasvir va videolardan foydalanishni cheklovchi qonun loyihasini ishlab chiqishga shoshilayotgan vaqtda tartibga soluvchi qonunchilikda bo‘shliqlar paydo bo‘lmoqda. Deepware saytiga siz shubhali deb bilgan videoni yuklash orqali uning haqiqiy yoki feykligiga ishonch hosil qilishingiz mumkin.

Sun’iy Intellekt yaratgan ilk film

Kino olamida sun’iy intellektning filmlar yaratishda qo'llanilishi kinematografiyani tubdan o'zgartirib yuborishi kutilyapti. Misol uchun, SI yordamida ovozlarni turli tillarda sinxronlashtirish, maxsus effektlarni yaratish va animatsiyalar sifatini yaxshilash kabi jarayonlar ancha soddalashadi. Bu esa filmlar ishlab chiqarish jarayonini tezlashtiradi va arzonlashtiradi. TCLtv+ Studios tomonidan yaratilgan “Keyingi bekat - Parij” filmi SI tomonidan yaratilgan ilk fimdir. Filmni professional dublyaj ustalari ovozlashtirgan boʻlsa-da, tasvirlar to'liq sun'iy intellekt yordamida ishlab chiqilgan. Film treyleri allaqachon YouTubeda. Kadrlardan ma’lum, film sifati haminqadar, qahramonlar yuzida ham sun’iylik namoyon boʻlib turadi. Mualliflarning soʻzlariga koʻra, uning sifati tez orada yaxshilanadi. Mazkur qisqa metrajli film SI texnologiyalari bilan kino ishlashda yangi innovatsion davrni boshlab berishi kutilmoqda.