$
 11809.82
-29.77
 13569.48
0.13
 140.68
0.26
weather
+26
Кечаси   +14°

Davlat idorasi ustidan sudga shikoyat qilishda fuqarolarga yangi imkoniyatlar beriladi

sud

Davlat idorasining noqonuniy qarori tufayli huquqingiz buzildi, lekin sudga murojaat qilish muddati o‘tib ketdi. Yoki hokimlik chiqargan hujjat sizning manfaatlaringizga zarar yetkazdi, ammo buning uchun ma’muriy sudda bahslashish imkoniyati yo‘q. Endi bunday holatlar uchun yangi tartiblar taklif qilinmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ma’muriy sudlar tizimini rivojlantirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Unda fuqarolar va tadbirkorlarning davlat idoralari bilan nizolarda o‘z huquqlarini himoya qilish imkoniyatlarini kengaytiradigan 15 ga yaqin yangi huquqiy institutni joriy etish taklif qilindi.

Sudga murojaat qilishning yangi yo‘llari paydo bo‘lishi mumkin

Ma’muriy sudlar fuqaro yoki tadbirkor bilan davlat idorasi o‘rtasidagi nizolarni ko‘rib chiqadi. O‘tgan davrda bunday sudlarda qariyb 150 mingta ish ko‘rilgan. Shundan 70 mingdan ortiq holatda davlat organlarining noqonuniy qarorlari bekor qilingan.

Mansabdorlarning noqonuniy xatti-harakatlari bo‘yicha ham qariyb 27 mingta xususiy ajrim chiqarilgan. Ular yuqori turuvchi yoki boshqa vakolatli organlarga yuborilgan.

Endi bu tizimni yanada kengaytirish taklif qilinmoqda. Hozir fuqaro yoki tadbirkor buzilgan huquqini tiklash uchun ma’muriy sudga faqat bitta shaklda murojaat qilishi mumkin. Yangi tartibda esa sudga murojaat qilishning to‘rt xil da’vo shaklini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Bunda sud faqat huquq buzilganidan keyin ishga aralashadigan tizim bo‘lib qolmasligi ko‘zda tutilgan. Ayrim vaziyatlarda fuqaro huquqi buzilishidan oldin ham sud orqali o‘zini himoya qilish imkoniga ega bo‘lishi kerak.

Yana bir o‘zgarish sudga murojaat qilish muddati bilan bog‘liq. Hozir buning uchun olti oylik muddat mavjud. Taklifga ko‘ra, davlat organi qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yganini sud orqali tan oldirish uchun fuqaro 6 oydan keyin ham murojaat qila olishi mumkin.

Hokimlik chiqargan hujjat huquqingizni buzsa, sudga olib chiqish mumkin bo‘ladi

Taklif qilinayotgan yana bir muhim o‘zgarish mahalliy hokimliklar chiqargan normativ-huquqiy hujjatlarga taalluqli. Amaldagi tartibda mahalliy davlat hokimiyati organining normativ-huquqiy hujjati fuqaroning huquqini buzgan taqdirda ham uning ustidan ma’muriy sudga shikoyat qilish imkoniyati mavjud emas. Endi fuqaroga bunday hujjatni bevosita sudda bahslashish huquqini berish taklif qilinmoqda.

Ma’muriy sudlarning davlat idoralari qarorlarini tekshirish vakolatlari ham kengayishi mumkin. Masalan, davlat organi fuqaro yoki tadbirkorga nisbatan biror ta’sir chorasini qo‘llasa, sud bu qaror shunchaki qonunda mavjud yoki yo‘qligini emas, undan qay darajada asosli va qonuniy foydalanilganini ham tekshirishi ko‘zda tutilgan. Bu Konstitutsiyaning 20-moddasida belgilangan mutanosiblik prinsipi bilan bog‘liq.

Sud qarorini bajarmagan mansabdorga nisbatan choralar kuchaytiriladi

Yana bir muhim taklif sud qarorlarining ijrosi bilan bog‘liq. Davlat organining mansabdor shaxsi sud qarorini bajarmasa, unga jarima qo‘llanadi. Jarimadan keyin ham qaror bajarilmasa, sud qonuniy chora ko‘rilishi uchun prokurorga xabar beradi.

Shavkat Mirziyoyev takliflarni qo‘llab-quvvatladi. Prezident yangi tartiblar inson huquqlari qo‘pol buzilgan holatlarda ularni sud orqali samarali tiklashga, davlat idoralarining mas’uliyatini oshirishga va sud qarorlari bajarilishini ta’minlashga xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.

Теги :
Jamiyat