$
 12902.00
8.93
 13428.40
41.53
 127.60
1.64
weather
+26
Кечаси   +14°

Obyektni topshirish muddati yo‘q, kechikkan vaqt uchun penya belgilanmagan, kafolat berilmagan: Quruvchi korxonalar shartnomalarida qanday kamchiliklar bor?

Quruvchi korxonalar shartnomalari

Raqobat qo‘mitasi so‘nggi vaqtlarda ko‘p kvartirali uylar qurilishi yuzasidan murojaatlar ko‘payganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, 2024-yilning o‘tgan davrida 1700 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Ko‘rilgan choralar natijasida 20 milliard so‘mga yaqin mablag‘lar iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.

Qanday kamchiliklar bor?

Ushbu holatlar yuzasidan respublikadagi 129 ta quruvchi korxonalarning shartnomalari tahlil qilinganda quyidagilar aniqlandi:

80 foiz shartnomada quruvchi korxonalarga qayta hisob-kitob huquq ustuvorligi berilgan bo‘lsa, atigi 20 foizda har ikkala taraflarga mazkur huquqlar belgilangan;

58 foiz shartnomada ko‘rsatilgan umumiy maydon qurilishi yakuni bo‘yicha maydonlar orasida tafovut mavjud bo‘lganda qayta hisob-kitob huquqi belgilanmagan;

37 foiz shartnomalarda xonadon ichida amalga oshiriladigan qurilish ishlari to‘g‘risida majburiyatlar kiritilmagan;

18 foiz shartnomalarda quruvchi va iste’molchining huquq va majburiyatlari to‘g‘risida bandlar kiritilmagan;

39 foiz shartnomalarda qurilish obyektining topshirish muddati ko‘rsatilmagan;

51 foiz shartnomalarda qurilish topshirilishining har bir kechikkan kuni uchun quruvchi tomonidan to‘lanadigan penya belgilanmagan;

86 foiz shartnomalarda quruvchi va iste’molchi tomonidan shartnomani bekor qilishni talab qilish huquqi belgilangan, (shundan, 41 foizida shartnomani har ikkala tomonning manfaatlari ko‘zlangan bo‘lsa, 59 foizida faqatgina quruvchi korxonaning manfaatlari ko‘zda tutilgan) 14 foizida esa shartnomani bekor qilish to‘g‘risida band kiritilmagan;

shuningdek, shartnoma tuzilgandan so‘ng, dastlabki to‘lov muddati 30 kundan oshmasligi qayd etilgan bo‘lsa, 74 foiz holatda shartnoma bir tomonlama bekor bo‘lganda xaridorga to‘lovni qaytarish muddati 30-180 kun va ayrimlarida esa 24 oydan 36 oygacha etib belgilangan;

84 foiz shartnomalarda xonadonni xaridor tomonidan qabul qilib olingandan so‘ng, quruvchi tomonidan unga kafolat muddati belgilanmagan;

kafolat muddati davomida xonadonda nuqsonlar aniqlansa, quruvchi tomonidan bartaraf etish majburiyati 82 foiz holatda belgilanmagan.

Iste’molchilarning qanday huquqlari bor?

Prezidentning PQ-4732-son qaroriga muvofiq, ko‘p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish uchun jismoniy va yuridik shaxslarning mablag‘larini jalb qilish faqat yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan hamda ulush kiritish asosida qurish uchun mablag‘larni jalb etuvchi quruvchilarning elektron ro‘yxatiga kiritilgan quruvchilar tomonidan amalga oshirilishi mumkinligi belgilangan.

Bunda, elektron ro‘yxatga kiritish uchun quruvchilar quyidagi talablarga javob berishi lozim:

ko‘p kvartirali uylarni qurish uchun belgilangan tartibda ajratilgan yer uchastkasi va qurilish ishlarini amalga oshirishga birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar mavjudligi;

loyiha-smeta hujjatlari va ijobiy ekspertiza xulosasi mavjudligi;

texnik va mualliflik nazorati hamda davlat nazoratini amalga oshirish bo‘yicha tegishli shartnomalar tuzilganligi va boshqa talablar mavjudligi.

Uy-joy sotib oluvchilar uchun tavsiya

Raqobat qo‘mitasi uy-joy sotib oluvchilarga quyidagilarga tavsiyalarni berdi:

shartnoma shartlari bilan batafsil tanishib chiqing;

asosiy jihatlar (qurilish muddatlari, tomonlarning huquq va majburiyatlari, ularning o‘zaro mutanosibligi, qurilish va foydalanishga topshirish muddatlari, muddatlar yuzasidan javobgarlik nazarda tutilganligini tekshiring);

kompaniyaning ish tajribasi va quruvchining ishonchliligiga ishonch hosil qiling (elektron ro‘yxat va “Shaffof qurilish” tizimida mavjudligini ochiq manbalardan tekshirish mumkin);

to‘lovlarni faqat bank kassalari orqali amalga oshiring.

Теги :
Jamiyat