Seshanba, 20-oktabr, 2026
Havo 86 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +18° kechasi +9°

Tug‘ilish kam, ammo aholi ko‘p: Odamlar nima uchun shaharlarga intiladi?

Aholining tabiiy o‘sishi ma'lum vaqt oralig‘ida tug‘ilganlar va o‘limlar soni o‘rtasidagi farqni ifodalaydi. Aholi soni o‘zgarishiga migratsiyaning ta’siri mamlakatga ko‘chib kelgan va ko‘chib ketgan aholi soni, ya’ni migratsiya saldosi orqali namoyon bo‘ladi.

4 daqiqa o‘qiladi

Tug‘ilish kam, ammo aholi ko‘p: Odamlar nima uchun shaharlarga intiladi?

MHTI mutaxassislari O‘zbekistonda urbanizatsiyaning rivojlanish tendensiyalarini tahlil qildi. Unga ko‘ra, aholi soni o‘zgarishi tabiiy o‘sish va migratsiya hisobiga sodir bo‘ladi. Aholining tabiiy o‘sishi ma'lum vaqt oralig‘ida tug‘ilganlar va o‘limlar soni o‘rtasidagi farqni ifodalaydi. Aholi soni o‘zgarishiga migratsiyaning ta’siri mamlakatga ko‘chib kelgan va ko‘chib ketgan aholi soni, ya’ni migratsiya saldosi orqali namoyon bo‘ladi. Shuningdek, shahar aholisi soni shahar hududi chegaralarining o‘zgarishi hisobiga ham ortishi mumkin.

Urbanizatsiya tendensiyalari

So‘nggi 10 yillik tahlil qilinsa, O‘zbekistonda shahar va qishloq aholisi soni 20,7% ga — teng sur’atda o‘sgan. Toshkent shahri inobatga olinmaganda, hududlarda shaharlarda yashovchi aholi soni 19,1% ga o‘sgan bo‘lib, bu qishloq ko‘rsatkichidan 1,6% ga kam. Urbanizatsiya darajasi shaharlarda yashovchi aholining jami aholi soniga nisbati orqali aniqlanib, tahlil davrida mamlakatda urbanizatsiya darajasi 50—51% orasida saqlanib turgan. Agar bu hisob kitoblarda Toshkent shahri inobatga olinmasa, hududlar bo‘yicha ko‘rsatkich 46—47% orasida o‘zgargan va yildan-yilga kamayib borgan.

Shahar va qishloq aholisi ortishi o‘rtasidagi farq 25,5 ming kishi

2023-yilda O‘zbekistonda shahar aholisi o‘tgan yilga nisbatan 400,2 ming nafarga, qishloq aholisi 374,7 ming nafarga ortgan. Shahar va qishloq aholisi ortishi o‘rtasidagi farq 25,5 ming kishini tashkil etgan. Bu davrda Toshkent shahrida migratsiya saldosi ijobiy bo‘lib, shaharga ko‘chib kelgan aholi ko‘chib ketganlardan 25,0 ming nafarga ko‘p bo‘lgan.

Toshkentni inobatga olmaganda mamlakat hududlarida shahar aholisi 315,8 ming nafarga ortib, qishloqlardagi aholi soni ortishi miqdoridan 58,9 ming nafarga kam bo‘lgan. Bu davrda Toshkentda tabiiy o‘sish 59,4 ming nafarni tashkil etgan. 

Hududlar kesimida tahlil qilinsa, shahar va qishloq aholisi ortishi o‘rtasidagi kichik ijobiy farq Toshkent (1,0 ming nafar), Navoiy (2,6 ming nafar), Andijon (4,1 ming nafar) va Farg‘ona (7,2 ming nafar) viloyatlarida kuzatilgan bo‘lsa, Namangan viloyatida (22,4 ming nafar) bu miqdor yuqoriroq bo‘lgan.

 Aholining shaharlarga harakati

Qishloq joylarda tug‘ilishning yuqori darajasi ishchi kuchining ko‘payishiga olib keladi, ko‘p odamlar shaharlarga ko‘chib o‘tishadi va urbanizatsiya darajasi oshadi. Shahar aholisi daromadlarining o‘sishi va uzoqroq masofaga qatnov imkoniyatining paydo bo‘lishi shahar aglomeratsiyasining kengayishi — suburbanizatsiyaga sabab bo‘ladi. Masalan, 1950-yillarda Los-Anjeles kabi Amerika shaharlarida shahar tashqarisida ko‘plab mahallalar barpo etilgan. 

Shaharlarning yangilanishi, ba’zi mahallalarning yanada jozibador bo‘lishi tufayli, shuningdek, ish, maktab yoki xordiq chiqarish uchun odamlar yana shaharga ko‘chib o‘ta boshlab — reurbanizatsiya sodir bo‘ladi. Biroq bu jarayon periferik hududlarga ta’sir qiladi. Masalan, Niderlandiyadagi qishloq munitsipalitetlarida periferik mintaqalarda yoshlar o‘qish va ishlash uchun shaharga ko‘chib o‘tishi natijasida, bu hududlarda aholining qarishi kuzatilmoqda. 

O‘zbekiston hududlari aholisining yosh guruhlari tarkibi tahlil qilinsa, Toshkent shahri mehnatga layoqatli yoshdagi mehnatga layoqatli aholining ulushi bo‘yicha yaqqol ustunlikka ega. Bu esa ishchi kuchining Toshkentga harakatlanayotganidan dalolat beradi.

Aholining shaharlarga harakatini rag‘batlantiruvchi omillar

Tadqiqotda aholini shaharlarga ko‘chib o‘tishga rag‘batlantiruvchi omillar o‘rganildi. Bunda shahar aholisi sonining o‘tgan yilga nisbatan ortishi erksiz o‘zgaruvchi sifatida olindi. Hududlarda aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi daromadlar, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari soni, ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar soni, maktab o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim muassasalari va avtomobil transportida tashilgan yuklar hajmi hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va jozibadorligini ifodalovchi ko‘rsatkichlar sifatida aholi migratsiyasiga sabab bo‘ladi degan farazga tayanildi.

Tadqiqot modelida 2012—2023-yillarni qamrab olgan respublikaning 14 hududi bo‘yicha panel ma’lumotlardan foydalanildi. Hausman testi random effect modeli afzalligini ko‘rsatdi. Model natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda shaharlar aholisining ortishiga tabiiy o‘sish bilan bir qatorda aholi daromadlarining ortishi, oliy ma’lumotli kadrlarning ko‘payishi va uy-joylar qurilishi ahamiyatli ta’sir ko‘rsatadi. 

Aholi migratsiyasining asosiy sabablaridan biri

Yuqori daromad olish imkoniyatlari aholi migratsiyasining asosiy sabablaridan biri ekani inobatga olinsa, shaharlarda yuqori haq to‘lanadigan yangi ish o‘rinlari yaratish, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish hamda investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi lozim. Shuningdek, hududlarda yuqori malakali kadrlarni tayyorlash darajasini oshirish yoshlarning shaharlarga ko‘chib o‘tishiga turtki beradi.

Aholini shahar hayotini tanlashga rag‘batlantirish uchun ijtimoiy infratuzilmani takomillashtirish va ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish orqali shaharlarda yashash sharoitlarini yaxshilash lozim. Bunda zamonaviy turar joy massivlarini ko‘paytirish va shaharni bo‘yiga o‘stirish tamoyili asosida rivojlantirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.