$
 12855.93
11.93
 13570.72
20.3
 128.16
-0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Oliy Majlis Senati tomonidan 5 yilda 20 ta qonun loyihasi rad etildi

senat

Oliy Majlis Senati tomonidan 2020—2024-yillarda 59 ta yalpi majlis o‘tkazilib, 438 ta qonun muhokamadan o‘tkazildi. Bu haqda Senatning so‘nggi besh yillikdagi qonunchilik faoliyati to‘g‘risidagi hisobotda keltirilgan. Ushbu raqamlarni 2015—2019-yillar davri bilan taqqoslaydigan bo‘lsak, Senat tomonidan 25 ta yalpi majlis o‘tkazilgan va ularda 226 ta qonun muhokama qilingan.

20 ta qonun rad etildi

Shuningdek, 20 ta qonun ulardagi ayrim normalarning inson huquqlari va hududlar manfaatlariga to‘liq javob bermagani sababli Senat tomonidan rad etildi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga ko‘ra, Senat qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida kiritishi qonun ijodkorligi jarayonida muhim yangiliklardan biri bo‘ldi. Mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikda 50 dan ortiq qonunlarga to‘liq asoslangan takliflar ishlab chiqildi va hukumatga taqdim etildi.

Yalpi majlislar internet orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi

Shu bilan birga, Senatning o‘z faoliyatini ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga asoslangan holda tashkil qilingani qayd etildi. Yalpi majlislar Internet orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi. Qo‘mitalarning tadbirlari ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritildi. Bu aholining qonun ijodkorligi faoliyati va muhokama qilinayotgan turli masalalar borasida kengroq tushunchaga ega bo‘lishiga imkon yaratdi.

Parlament majlisining shaffofligi va sifatiga jiddiy shubha bildirildi

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Senat tomonidan uchta qonun loyihasi juda tez qabul qilingani tanqidlarga sabab bo‘lgan edi. 30-sentyabr kuni Oliy Majlis Senatida “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi Qonun 3-o‘qishda tasdiqlandi. Jarayon bir soatdan biroz ko‘proq vaqtni olgani va aynan shu vaqt davomida yana ikkita qonun loyihasi ham tasdiqlangani iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov tomonidan keskin tanqidga uchradi. Bloger Telegram kanalidagi postida parlament majlisining shaffofligi va sifatiga jiddiy shubha bildirgan. Bakirovning fikricha, qonun ijodkorlari shu qadar qisqa vaqt ichida “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga qo‘shib “Kosmik faoliyat to‘g‘risidagi”gi hamda ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihalarini ham muhokama qilishga ulgurib, ma’qullashgan bo‘lsa, jarayon tekshirilishga muhtoj.

Теги :
Jamiyat