$
 12855.93
11.93
 13570.72
20.3
 128.16
-0.14
weather
+26
Кечаси   +14°

Saylovoldi g‘ayrat: Amaldagi senator va deputatlar qonun qabul qilishda yangi “rekord” qayd etdi

senat

30-sentyabr kuni Oliy Majlis Senatida “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi Qonun 3-o‘qishda tasdiqlandi. Jarayon bir soatdan biroz ko‘proq vaqtni olgani va aynan shu vaqt davomida yana ikkita qonun loyihasi ham tasdiqlangani iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov tomonidan keskin tanqidga uchradi. Bloger Telegram kanalidagi postida parlament majlisining shaffofligi va sifatiga jiddiy shubha bildirgan.

Jonli efir bo‘lmagan

Bakirovning fikricha, qonun ijodkorlari shu qadar qisqa vaqt ichida “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga qo‘shib “Kosmik faoliyat to‘g‘risidagi”gi hamda ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihalarini ham muhokama qilishga ulgurib, ma’qullashgan bo‘lsa, jarayon tekshirilishga muhtoj.

“O‘zi Qonunchilik palatasida yalpi majlis jismonan o‘tganmi, o‘tmaganmi yana bir aniqlashtirish kerak, chunki jonli efir bo‘lmagan, deputatlarning juda ko‘p qismi saylov palov kampaniyasida hududlarda yurishibdi... Kreativlik bo‘lsa, shunchalik bo‘ladi-da!” - deb yozadi u.

Gazeta.uz nashri ham masalaga e’tibor berib, shunday yozdi: “Ta’kidlash joizki, Qonunchilik palatasi 30-sentabr kuni ertalab kreativ iqtisodiyot to‘g‘risidagi qonunni birdaniga uch o‘qishda qabul qilganini ma’lum qildi. Biroq odatiy holga aylanib qolgan jonli efirdagi muhokama bu safar bo‘lib o‘tmadi. Parlament quyi palatasi matbuot xizmati buning sababini translyatsiya uchun ishlatiladigan texnik jihozlarning yangilanayotgani bilan izohladi.”

Rekord darajada tez

Aslida, qonun chiqarish jarayoni ko‘pincha katta vaqt va muhokamani talab qiladi. Ammo bu gal shunday muhim qonunni senatorlar 30 daqiqa ichida ko‘rib chiqib, uch o‘qishda ma’qullashgan va keyin tezda Senatga yo‘naltirilgan. Bundan ham ajablanarlisi, Senatning kun tartibida bu qonun oldindan ko‘rsatilmagan.

Kreativ iqtisodiyot haqidagi qonun O‘zbekistonga nima uchun kerak?

O‘zbekistonda kreativ iqtisodiyot qonunining qabul qilinishi katta ahamiyatga ega, chunki bu qonun mamlakat iqtisodiyotini yangi darajaga ko‘tarishga xizmat qiladi. Hozirda dunyo bo‘ylab raqobatbardosh bo‘lish uchun ijodiy va intellektual resurslar asosida rivojlanish kerak. Bizda endi nafaqat mahsulot yoki xizmat ishlab chiqarish, balki o‘zimizning yangi, kreativ g‘oyalarimiz orqali ham daromad olish imkoniyati ochilyapti. Senatorlar ham mazkur qonun qabul qilinishi bilan O‘zbekiston Respublikasining Global innovatsiyalar indeksidagi o‘rni oshishini kutishyapti.

Kreativ iqtisodiyot o‘zi nima?

O‘z nomidan ma’lum bo‘lgani kabi, “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonun ijodiy va intellektual resurslar orqali iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirishga qaratilgan. Kreativ iqtisodiyot, bu — barcha tarmoqlarda g‘oyadan pul topishga asoslangan faoliyat hisoblanadi. Uning asosiy yo‘nalishi kreativ industriyadir. Kreativ industriya intellektual faoliyat natijasida yaratilgan tovar va xizmatlarni sotishga asoslangan iqtisodi- yotning maxsus tarmog‘idir. Ushbu tovar va xizmatlarni ishlab chiqarishda texnologiya, innovatsiya va kreativlikning rivojlanishi muhim rol o‘ynaydi. G‘arb davlatlari kreativ sohalarni rivojlantirish bundan 15-20 yil avval qo‘llab-quvvatlay boshladi.

Tushunchaning o‘zi birinchi marta 2000-yilda Business Week jurnalidagi maqolada tilga olingan. Unda muallif XXI asrda kompaniyalar taraqqiyotida kreativ g‘oyalarning ahamiyati ortib, intellektual resurslar ishlab chiqarishning asosiy omiliga aylanishi hamda yangi iqtisodiyot sharoitlariga moslashish imkoniyatlari haqida fikr yuritgan.

Kreativ iqtisodiyot — bu shunchaki g‘oyadan foydalangan holda, texnologiya va innovatsiya yordamida tovar va xizmatlar yaratish jarayonidir. Mazkur qonun aynan shu sohani huquqiy jihatdan tartibga solish va rivojlantirishga xizmat qilishi kerak.

Dunyo tajribasi

Dunyo tajribasidan ma’lumki, kreativ industriya ko‘plab yirik shaharlarda, jumladan, London, Berlin va Barselona kabi markazlarda iqtisodiyotning asosiy dvigateliga aylanmoqda. Londonda ijodiy sohalarda ishlovchi tadbirkorlar shaharning umumiy ish o‘rinlarining 16 foizini egallab, yiliga 19 milliard funt sterlingga yaqin daromad keltiradi. Bu raqamlar orqali ijodiy sohalar iqtisodiy rivojlanish uchun qanchalik muhim ekanligini ko‘rish mumkin.

Shoshilinch qarorning boshqa izohi bo‘lishi mumkinmi?

Otabek Bakirov qonunning shoshma-shosharlik bilan qabul qilinishini tanqid qilib, bunday muhim hujjatlarni ko‘rib chiqishda chuqurroq muhokama va shaffoflik talab qilinishini ta’kidlayapti. Uning fikricha, qonunchilik jarayonida bunday tezlik bilan o‘tish qonunning sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ammo boshqa tarafdan qaralganda, bugun, 2-oktyabr kuni O‘zbekistonda Butunjahon kreativ iqtisodiyot konferensiyasining ochilishi kutilmoqda. Bu esa ushbu qonunning (rejada bo‘lmasa-da) tezroq qabul qilinishini talab qilgan bo‘lishi mumkin.

Теги :
Jamiyat