O‘zbekistonda ham sel-suv toshqinlari bo‘lish xavfi juda yuqori — Erkin Abduahatov
Iqlimshunos Afg‘onistonda janubdan shimolga tomon sel-suv toshqin xavflari ortib borgani kabi O‘zbekistonda ham kelayotgan bir oylikda vaziyat o‘zgarishi mumkinligini oshkor qildi.
1 daqiqa o‘qiladi

Iqlimshunos Afg‘onistonda janubdan shimolga tomon sel-suv toshqin xavflari ortib borgani kabi O‘zbekistonda ham kelayotgan bir oylikda vaziyat o‘zgarishi mumkinligini oshkor qildi.
Iqlimshunos minbari
Iqlimshunos Erkin Abduahatov o‘z sahifasida O‘zbekistonda ham mayning o‘rtasidan iyun o‘rtasiga qadar sel-suv toshqinlari bo‘lish xavfi juda yuqori ekanligini ma’lum qildi. "Afg‘onistonda janubdan shimolga tomon sel-suv toshqin xavflari ortib borgani kabi O‘zbekistonda ham kelayotgan bir oylikda issiq harorat to‘lqinlari ortidan janubiy siklonlarni chiqib kelishi endi shunchaki sokin o‘tmaydi. Mas’ul tuzilmalar xavf xatardan "barvaqt ogohlantirish" tizimlariga kuch berishi, aholini sel-suv toshqin davrida to‘g‘ri harakatlanishi bo‘yicha savodxonligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni ko‘paytirishi maqsadga muvofiq hisoblanadi", — deydi Abduahatov.
150 qurbon
Eslatib o'tamiz, kuni kecha O‘zbekistonning janubiy viloyatlariga ancha yaqin, Afg‘onistonning esa shimolida joylashgan Bag‘lon viloyatida 10-may kuni kuchli suv toshqinlari oqibatida halok bo'lganlar soni 150 kishidan ortgani ma'lum qilingandi. Rasmiylar viloyat aholining kuchli suv toshqinlariga tayyor bo‘lmaganini ta'kidlagan. Hodisa oqibatida qurbonlar soni oshishi mumkinligi xabar qilingan. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Abdul Matin Qane kuchli yomg‘irdan keyin Bag‘lonning beshdan ortiq tumanida suv toshqini sodir bo‘lganini aytgan. Ayni damda fuqarolarning ko‘pchiligi toshqin hududida qolib ketgani xabar qilingan.



