Sel 150 dan ortiq inson umriga zomin bo'ldi
O‘zbekistonning janubiy viloyatlariga ancha yaqin Afg‘onistonning Bag‘lon viloyatida sel oqiziqlaridan halok bo‘lganlar soni 150 dan ortgan.
1 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning janubiy viloyatlariga ancha yaqin, Afg‘onistonning esa shimolida joylashgan Bag‘lon viloyatida 10-may kuni kuchli suv toshqinlari oqibatida halok bo'lganlar soni 150 kishidan ortgani ma'lum qilinmoqda.
Bag‘lonning beshdan ortiq tumanida suv toshqini sodir bo‘lgan
Rasmiylar viloyat aholining kuchli suv toshqinlariga tayyor bo‘lmaganini ta'kidlagan. Hodisa oqibatida qurbonlar soni oshishi mumkinligi xabar qilingan. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Abdul Matin Qane kuchli yomg‘irdan keyin Bag‘lonning beshdan ortiq tumanida suv toshqini sodir bo‘lganini aytgan. Ayni damda fuqarolarning ko‘pchiligi toshqin hududida qolib ketgani xabar qilingan.
Rasmiylar axboroti
“Ichki ishlar vazirligi hududga guruhlar va vertolyotlar yubordi, biroq vertolyotlarda tungi ko‘rish chiroqlari yetishmasligi tufayli operatsiya muvaffaqiyatli bo‘lmasligi mumkin”, — deyiladi rasmiy axborotda. Qurbonlar sonini viloyat tabiiy ofatlarni boshqarish boshqarmasi boshlig‘i, mahalliy rasmiy Hidoyatulloh Hamdard ham tasdiqlagan. Hodisa oqibatida qurbonlar soni yana ortishi mumkinligi aytilgan. Rasmiylarga ko‘ra, aprel oyining o‘rtalaridan beri Afg‘onistonning 10 viloyatida to‘fon va boshqa suv toshqinlari 100 ga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘lgan. Tabiiy ofat mamlakatning butun hududiga taʼsir etgan.



