"Sayyoralar qotili" Yerga yaqinlashmoqda
Yevropa kosmik agentligi asteroidning Yerning yonidan o'tib ketishini aytmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa kosmik agentligi asteroidning Yerning yonidan o'tib ketishini aytmoqda.
Yer uchun xavflimi?
Ma'lum qilinishicha, asteroid (ilmiy nomi - 2011 UL21) Yer yonidan 93 000 km/soat tezlikda o'tib ketadi. Jism Yerdan ancha olisdan o'tib ketadi, shuning uchun xavotirlanishga asos yo'q deydi agentlik.
Ushbu asteroid bundan 66 mln yil muqaddam dinozavrlarni qirib yuborgan fazoviy jismdan besh baravar kichik. Shu bois u bilan (ehtimoliy) to'qnashuv oqibati halokatli bo'lmaydi. Ammo uning ta'siri qit'alar miqyosida sezilib, global iqlim o'zgarishini keltirib chiqaradi, deyiladi xabarda. Astronomlarning so'zlariga qaraganda, asteroidni tungi osmonda teleskop orqali kuzatish mumkin. Uning Yer atrofiga keyingi "tashrifi" 2089-yilga to'g'ri keladi.
Dinozavrlarni qirib yuborgan asteroid
Ma'lumot uchun, qadimgi asteroidning tushgan yeri hozirgi Meksika hududida bo'lib, Chiksulub krateri deb nom olgan. Hodisa oqibatida Mel-paleogen qirilishi vujudga kelgan, atmosfera oltingugurt va karbonat angidrid gaziga to'lgan. Bu nafaqat dinozavrlarning qirilib ketishiga, balki atmosferaga 300 mlrd tonnadan ortiq oltingugurt ajralib chiqishiga sabab bo'lgan.
Osmon jismlari faollashgan
So'nggi yillarda asteroidlar va boshqa turdagi fazo jismlarining Yerga yaqinlashishi faollashgan. Jumladan, 2018-yilda 30 dan ortiq asteroidlar katta tezlikda Yerga yaqinlashgan edi. 2023-yilda esa beshta potensial xavfli asteroid Yerga yaqinlashdi.
Eslatib o'tamiz, Nasa olimlari joriy yilning 18-martida Yerga uchta yirik asteroidning yaqin kelishi haqida xabar bergandi.



