15 nafar qariya farzandlari boʻla turib “Saxovat” internat uyida yashamoqda
Ularga farzandlari gʻamxoʻrlik qilishdan bosh tortgani sabali muassasa rahbariyati keksalarni muassasaga qabul qilishga majbur boʻlgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Toshkent shahridagi “Saxovat” internat uyiga tashrif buyurdi.
“Saxovat” internat uyida yashovchi qariyalarning yashash sharoitlari
Ombudsmanning Toshkent shahridagi mintaqaviy vakili B.Masharipov “Saxovat” internat uyida yashovchi qariyalarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmat koʻrsatish sharoitlarini oʻrgandi. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlari va dori-darmonlarning muddatlari koʻzdan kechirildi.
Farzandlari qaramagan 15 nafar qariya
“Saxovat” internat uyida yashayotgan onaxon va otaxonlar bilan yakka tartibda suhbatlashilganda, ular “Saxovat” uyi rahbariyati va xodimlaridan minnatdor ekani va hech qanday e'tirozlari yoʻqligini bildirdi.
Ombudsman mintaqaviy vakili ushbu muassasa rahbari bilan suhbatlashganda “Saxovat” internat uyida farzandlari bor 15 nafar qariya yashashi ma'lum boʻldi. Vaholanki, bu oʻrnatilgan tartibga zid hisoblanadi. Ularga farzandlari gʻamxoʻrlik qilishdan bosh tortgani uchun muassasa rahbariyati keksalarni muassasaga qabul qilishga majbur boʻlgan.
Mehnatga layoqatli farzandlar oʻz ota-onalari haqida gʻamxoʻrlik qilishga majbur
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 575-son qarori 1-ilovasiga asosan "Saxovat" internat uylari Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan, Oila kodeksining 57-moddasiga muvofiq ularni parvarish qilishi shart boʻlgan birinchi darajadagi qarindoshlari yoki vasiylari boʻlmagan yolgʻiz keksalar, I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar (18 yoshdan boshlab) hamda oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz yashovchi I guruh nogironligi boʻlgan keksalar uchun tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatadigan davlat tibbiy-ijtimoiy muassasalari hisoblanadi.
Konstitusiyaning 80-moddasida voyaga yetgan mehnatga layoqatli farzandlar oʻz ota-onalari haqida gʻamxoʻrlik qilishga majbur ekani belgilangan.
“Muruvvat” internat uyidagi holat ko‘zdan kechirildi
Toshkent shahridagi “Muruvvat” nogironligi boʻlgan bolalar uchun 1 va 2-sonli internat uylariga monitoring tashriflari davomida esa bolalarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish boʻlimidagi sharoitlar oʻrganildi.
Bolalar boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlari uchun kutubxona, toʻqish xonasi va sport zallarida yaratilgan shart-sharoitlar ham koʻzdan kechirildi.
Bundan tashqari, muloqotga layoqatli bolalar bilan yakka tartibda suhbat oʻtkazildi.
“Muruvvat” nogironligi boʻlgan bolalar uchun internat uylaridagilar
Qayd qilish joizki, hozirda “Muruvvat” nogironligi boʻlgan bolalar uchun internat uylarida 4 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan jami 640 nafar aqli zaif, ogʻir va chuqur darajadagi hamda 120 nafar 18 yoshdan katta nogironligi boʻlgan bolalar yashamoqda. Muassasalarda mustaqil harakatlana olmaydigan bolalar uchun ham barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Shu bilan bir qatorda, Toshkent shahar “Muruvvat” nogironligi boʻlgan erkaklar uchun internat uyiga ham monitoring tashrifi amalga oshirildi. Muassasadagi sharoitlar oʻrnatilgan talablarga javob berishi aniqlandi.



