Rivojlangan davlatlar aholisining har 5 nafaridan birida savod 10 yoshli bola darajasida
Lekin so‘nggi o‘n yillikda bu ko‘rsatkich ko‘plab davlatlarda o‘sishdan to‘xtab, ayrim hududlarda pasayishga yuz tutdi. Bu esa muammoning jiddiyligidan darak beradi.
2 daqiqa o‘qiladi

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlarda har 5 kishidan biri o‘qish va oddiy matematik amallarni 10 yoshli bola darajasida bajaradi. Bu holat global ta’lim tizimi, raqamli texnologiyalar ta’siri va hayot tarzi o‘zgarishlari kabi omillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu OECD — Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti tomonidan e’lon qilingan so‘nggi tadqiqot natijalarida maʼlum boʻldi.
IQ darajasi tushib bormoqda
Dunyo bo‘ylab IQ ko‘rsatkichi o‘tgan asr davomida doimiy ravishda o‘sib kelgan. Bu holat ilm-fan taraqqiyoti va jamiyatdagi ta’lim sifatining yaxshilanishi bilan izohlangan edi.
Lekin so‘nggi o‘n yillikda bu ko‘rsatkich ko‘plab davlatlarda o‘sishdan to‘xtab, ayrim hududlarda pasayishga yuz tutdi. Bu esa muammoning jiddiyligidan darak beradi. Avvalo, bunday o‘zgarishning bir nechta sabablarini ko‘rib chiqish kerak.
Bunga sabab nima?
Zamonaviy texnologiyalar hayotimizda o‘ta muhim o‘rin egalladi. Smartfonlar, ijtimoiy tarmoqlar va qisqa ko‘rinishdagi kontentlar — masalan, short videolar yoki storis formatlari odamlarning diqqatini pasaytiradi. Bugungi kunda odamlar ko‘proq tezkor axborot iste’mol qilishga o‘rganyapti. Bu esa chuqur o‘ylash, tahlil qilish va kitob o‘qib tushunish kabi qobiliyatlarni zaiflashtiradi.
Yana bir sabab ta’lim tizimidagi muammolar bilan bog‘liq. Zaminga nazar tashlasak, hozirgi kunda ko‘plab mamlakatlarda ta’lim amaliyotdan ko‘ra testlarga yo‘naltirilgan. Bu esa bolalarning hayotiy bilim olishi emas, faqat sinovlarda yuqori ball olishiga qaratilgan. Shuningdek, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish ham bugungi yoshlar orasida sezilarli darajada pasayib ketgan.
Turmush tarzining o‘zgarishi ham insoniyatning aqliy salohiyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazyapti. Noto‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollikning kamayishi va uyqu me’yorining buzilishi miya faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.



