“Salimboyvachcha” jinoiy guruhni moliyalashtirgani uchun qidiruvga berildi
Ayni damda u interpol tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan bo‘lib, MDH davlatlarida jinoiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblanmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot xizmatiga tayanib, “Svodka” nashri 6-avgust kuni xabar qilgan.
Jinoiy guruhni moliyalashtirish
“Salimboyvachcha” jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan tergov doirasidagi qirg‘izistonlik qonun o‘g‘risi Kamcha Asanbekning uyushgan jinoiy guruhi faoliyatini moliyalashtirgan.
Razvedka xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Ko‘lboyevning uyushgan jinoiy guruhi kriminal avtoritet Salim Abduvaliyevning “Birodarlar doirasi” xalqaro jinoiy guruhi tarkibiga kiradi.
“Salimboyvachcha” 2024-yilda O‘zbekistonda o‘qotar qurollarni noqonuniy saqlaganlikda ayblanib, sudlangan.
Ko‘lboyev bilan aloqalar
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Abduvaliyev giyohvand moddalarni Yevropa davlatlariga olib o‘tish bo‘yicha noqonuniy kanallar tashkil etish tufayli MDH davlatlarida bevosita ta’sirga ega bo‘lib, Ko‘lboyevga aloqa o‘rnatgan va tizimli ravishda moddiy yordam ko‘rsatgan, uning jinoiy guruh rahbari bo‘lishiga yordam bergan va hissa qo‘shgan.
“Ko‘lboyev va Abduvaliyev o‘rtasida yaqin munosabatlar bo‘lgan, bunga Ko‘lboyevning Abduvaliyev tomonidan O‘zbekistondagi bayram va boshqa tadbirlarga bir necha bor tashrif buyurgani haqida olingan ma’lumotlar guvohlik beradi”, — deyiladi xabarda.
Qidiruv ishlari
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Abduvaliyev “Qirg‘iziston va MDH davlatlarida ta’sir doirasini kengaytirishdek g‘arazli maqsadlarini ko‘zlab, ma’lum darajada erisha olgan, Ko‘lboyev va uning guruhini har tomonlama qo‘llab-quvvatlagan va tizimli ravishda moliyalashtirgan”.
Bishkekning Oktyabr tuman sudi Abduvaliyevni sirtdan hibsga olib, qidiruvga bergan.



