CEOWORLD Magazine: Oʻzbekiston ish haqi darajasi boʻyicha dunyoda 119-oʻrinni egalladi
O‘zbekistonda oʻrtacha ish haqi 351 dollarni tashkil etib, u MDH davlatlari orasida 8-oʻrinni qayd etdi.
2 daqiqa o‘qiladi

MDH davlatlari orasida eng yuqori koʻrsatkich Rossiyada ($2159), eng past ko‘rsatkich esa Tojikistonda ($169) qayd etildi.
O‘zbekistonda oʻrtacha ish haqi 351 dollar
CEOWORLD Magazine ma'lumotlariga koʻra, Oʻzbekiston yalpi oʻrtacha oylik ish haqi boʻyicha dunyo reytingida 119-oʻrinni egalladi. Mamlakatda oʻrtacha ish haqi 351 dollarni tashkil etadi.
Yalpi ish haqi nima?
Yalpi ish haqi — bu soliqlar va boshqa ajratmalar chiqarib tashlanishidan oldingi umumiy ish haqi. Tadqiqotchilar taqqoslash oson boʻlishi uchun reytingni AQSh dollarida hisoblagan.
MDH davlatlarida yalpi ish haqi darajasi
Oʻzbekiston yalpi ish haqi darajasi boʻyicha MDH davlatlari orasida 8-oʻrinni egalladi. Eng yuqori koʻrsatkich Rossiyada qayd etildi - $2159. Undan keyingi oʻrinlarni Qozogʻiston ($673), Turkmaniston ($654), Belarus ($621), Armaniston ($541), Moldova ($508) va Ozarboyjon ($494) egalladi.
Oʻzbekistondan quyida Qirgʻiziston ($228) va Tojikiston ($169) joy olgan.
Dunyodagi eng yuqori va eng past maosh beradigan davlatlar
Dunyodagi eng yuqori ish haqi, reytingga koʻra, Shveysariyada kuzatilgan - $8100. Birinchi uchlikka Lyuksemburg ($6633) va AQSh ($6455) kirdi. Eng past maosh Lesoto ($24), Angola ($27) va Malavida ($31) qayd etildi.
Munosabat
Jurnalistuz kanali O‘zbekistonning ushbu reytingdagi natijasiga o‘z munosabatini bildirdi.
“Toʻgʻri 119-oʻrinda ekanmiz, lekin bizdagi oylik Angoladagidan yuqori. Bu istiqlolimizning soʻngi yetti yilligida amalga oshirilgan islohotlarning yorqin natijasidir.
Yangi Oʻzbekistondan yap-yangi Oʻzbekistonga oʻtish yoʻli va maqsadlaridan bizni hech kim qaytara olmadi. Biz oʻtgan koʻpriklar yonib ketgan. Bu iborani qachonlardir, toʻgʻrirogʻi 90-yillarda eshitgandik. Hali ham yap-yangiday jaranglayapdi”, - deyiladi xabarda.



