$
 12805.09
-10.04
 13889.68
-8.33
 133.10
-0.1
weather
+26
Кечаси   +14°

Xorazmda 25 nafar davlat xizmatchisi 6 oydan buyon oylik berilmayotganidan shikoyat qildi

salaryyy

Ijtimoiy tarmoqlarda “Xorazm yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasining xodimlari 6 oydan buyon oylik ololmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

Hisob-kitoblar Moliya vazirligiga taqdim qilindi

O‘zbekiston prezidentining 2024-yil 25-martdagi “Jamoat transportini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan mazkur davlat muassasasining funksiya va vazifalariga o‘zgartirishlar kiritilgan hamda joriy yilning 1-may sanasidan “Xorazm yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasining tashkiliy tuzilmasi qayta tasdiqlandi.

“Bugungi kunda, tasdiqlangan shtat jadvaliga asosan “Xorazm Yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi xodimlarining oylik maoshlarini to‘lab berish maqsadida Transport vazirligi, Moliya vazirligi hamda viloyat moliya boshqarmasi bilan amaliy ishlar olib borilib barcha hisob-kitoblar Moliya vazirligiga taqdim qilingan”, — deyiladi boshqarma axborotida.

Oylik maoshlar to‘liq to‘lab berilishi va’da qilindi

Qo‘shimcha qilinishicha, joriy yilning iyun oyi yakuniga qadar barcha xodimlarga yanvar-may oylaridan bo‘lgan oylik maoshidan qarzdorligi hamda iyun oyi oylik maoshi bo‘yicha hisob-kitoblar to‘liq to‘lab beriladi.

“Xorazm Yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi

2023-yil 16-fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 59-sonli qarori qabul qilingan. Qaror bilan, avtomatlashtirilgan dispetcherlik xizmatini o‘z ichiga oluvchi “Xorazm Yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasini tashkil qilingan.

Muassasani tashkil qilishdan maqsad Xorazm viloyati transport boshqarmasida brutto-shartnomaga o‘tgan tashuvchilar tomonidan yo‘nalish ko‘rsatkichlari bajarilishini monitoring qiluvchi va baholovchi tizimni joriy etishdir.

Теги :
Жамият