$
 12634.00
8.96
 13710.42
23.61
 148.62
2.51
weather
+26
Кечаси   +14°

Rossiyadagi mehnat migrantlari uchun jiddiy to‘siq

Rossiya migrantlari

Rossiya Ichki ishlar vazirligi migratsiya qonunchiligining bir qator qoidalarini kuchaytiruvchi qonun loyihasini ishlab chiqdi. Bu haqda vazirlikning rasmiy vakili Irina Volk ma’lum qildi.

Kirish-chiqishni tartibga solish

Ta’kidlanishicha, hukumatga taqdim etilgan qonun chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Rossiyaga kirishi va chiqishini tartibga soladi. Hujjat normativ-huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilinmagan, ammo Volk undan asosiy qismlarni taqdim etdi.

Qonun loyihasida quyidagilar taklif qilingan:

-        Rossiyaga kirishda barcha chet elliklarning majburiy barmoq izlarini olish va suratga olish;

-        Rossiyada noqonuniy bo‘lgan chet elliklar va Rossiyadan chiqib ketishlari cheklanganlar uchun “nazorat ostida bo‘lish” rejimini o‘rnatish;

-        davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlaridan olingan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan chet el fuqarosining “raqamli profilini” yaratish;

-        xorijliklarning Rossiyada bo‘lish muddatini ilgari bo‘lgani kabi olti oy emas, balki kalendar yili davomida 90 kungacha cheklash;

-        Rossiya Federatsiyasi hududidagi chet el fuqarosining shaxsini tasdiqlovchi yagona hujjat berish, bu hozirda berilgan barcha migratsiya hujjatlarini almashtiradi;

-        chet ellik ishchilarni Rossiyada ishlash huquqini beruvchi maxsus reyestrga, ish beruvchilarni esa chet elliklarni yollashga ruxsat beruvchi boshqa reyestrga kiritish;

-        chet elliklar bilan “sodiqlik shartnomasi”ni tuzish, ularni Rossiyada bo‘lishlarini cheklash imkoniyati yoki qonunlarni buzgan taqdirda mamlakatni tark etish huquqi to‘g‘risida ogohlantirish;

-        chet elliklarni chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilish huquqini nafaqat sudlarga balki suddan tashqari federal ijroiya organlariga ham berish;

-        chet el fuqarolarining Rossiyada bo‘lishi ustidan ma’muriy nazoratni politsiyaning funksiyalaridan biriga aylantirish.

Chet elliklarning ayrim huquqlari cheklanadi

Irina Volkning so‘zlariga ko‘ra, Ichki ishlar vazirligi tomonidan kiritilgan qonun loyihasi chet elliklarning “ayrim huquqlarini cheklash” va “ularga qo‘shimcha mas’uliyat yuklash” bilan bog‘liq choralarni qo‘llash imkonini beradi.

“Bundan tashqari, barcha davlat organlari, tashkilotlari va fuqarolar real vaqt rejimida chet el fuqarosining Rossiyada bo‘lishining “qonuniyligi to‘g‘risida elektron tasdiqnoma” olishlari mumkin bo‘ladi”, – deya qo‘shimcha qilgan Volk.

Viza masalasi

Ta’kidlash kerakki, Rossiya hukumati tomonidan migrantlarga qo‘yilayotgan cheklovlar hamda ayrim qonun loyihalariga 22-mart kuni “Crocus City Hall”da sodir etilgan terakt sabab bo‘lmoqda.

Bundan bir muddat oldin “Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” partiyasi raisi, Davlat Dumasidagi partiya fraksiyasi rahbari Sergey Mironov Markaziy Osiyo davlatlari bilan viza rejimining joriy etishni taklif qigan edi. U viza rejimi nafaqat milliy xavfsizlikni mustahkamlashga, balki Rossiya Federatsiyasi va janubiy qoʻshnilar oʻrtasidagi chinakam oʻzaro manfaatli hamkorlikka xizmat qilishini taʼkidlagan.

Теги :
Жамият