“Crocus City Hall”dagi teraktdan jabrlangan oilalar yozni O‘zbekistonda o‘tkazadi
Barcha xarajatlar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan qoplananishi ta’kidlandi.
1 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi “Crocus City Hall” konsert zalida sodir etilgan teraktdan jabrlangan rossiyalik oila farzandlari yozni O‘zbekistondagi oromgohda o‘tkazadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov kasaba uyushmalari umumiy konfederatsiyasi kengashi yig‘ilishida so‘z ochgan.
Dam olish bepul
Ma’lum qilinishicha, terakt oqibatida jabrlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ushbu oilalarning 100 nafar farzandini Toshkent va Samarqand shaharlarining diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirib, eng yaxshi sog‘lomlashtirish oromgohlarida bepul dam olishga taklif qilgan.
Oromgohda 14 kun
Bildirilishicha, 23-iyun kuni 100 nafar boladan iborat guruh Toshkent xalqaro aeroportida kutib olingan.
Yetib kelgan rossiyalik yoshlar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi bolalar oromgohida 14 kun dam oladi. Ularga dam olish davomida sport kiyimlari va zarur texnik jihozlar sovg‘a sifatida topshiriladi.
Xarajatlar Kasaba uyushmalari tomonidan qoplanadi
Shu bilan birga, “Suv to‘lqinlari” festivali, “Neptun kuni”ga bag‘ishlangan suv o‘yinlari va komikslar, kino kechalari va spektakllar namoyishi, ““Anor”da baxtli bolalik” videotanlovi o‘tkazish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, mehmonlarni Samarqand shahridagi tarixiy obidalar va “Boqiy shahar” majmuasiga bo‘ladigan qiziqarli ekskursiya kutmoqda.
Ma’lumot uchun, barcha xarajatlar Kasaba uyushmalari tomonidan qoplanadi.



