$
 12037.21
43.68
 14071.50
17.48
 159.62
1.1
weather
+26
Кечаси   +14°

Yevropada yangi siyosiy inqiroz: Ruminiya hukumati quladi

ruminiya

Yevropa Ittifoqining aholisi eng ko‘p davlatlaridan biri bo‘lgan Ruminiyada hukumat rasman qulab tushdi. Ukraina bilan chegaradosh va NATO uchun strategik hudud hisoblangan mamlakatda bosh vazir Ilie Bolojan parlamentdagi ishonch ovozidan o‘ta olmadi. U atigi 10 oy oldin hukumat rahbari bo‘lgandi. Endi Ruminiyada yangi siyosiy inqiroz, iqtisodiy muammolar va hukumat uchun kurash boshlandi. Vaziyat shunchalik jiddiyki, mamlakat milliardlab yevro yordamdan ayrilishi ham mumkin. Xo‘sh, Ruminiya oldida qanday xavf turibdi?

Ruminiyada hukumat qulashi

Ruminiya bosh vaziri Ilie Bolojan markazchi va Yevropaparast siyosatchi sifatida tanilgan edi. U hukumatga kelgach, mamlakatdagi katta byudjet tanqisligini kamaytirish uchun qattiq iqtisodiy choralarni boshladi. Ammo bu qarorlar aholining ham, ayrim siyosiy partiyalarning ham noroziligiga sabab bo‘ldi.

Oxir-oqibat parlamentdagi ishonch ovozida uning hukumati yutqazdi. Bu jarayonning asosiy tashkilotchilaridan biri juda o‘ng siyosatchi Jorje Simion bo‘ldi. U hukumatni “soliq, urush va qashshoqlikdan boshqa narsa bermadi” deb keskin tanqid qildi.

Eng katta shov-shuv esa Simionning millatchi partiyasi bilan markazchi chap qanotdagi Sotsial-demokratik partiya birlashganida yuz berdi. Sababi aynan shu ittifoq hukumatning qulashiga olib keldi. Bryusseldagi Yevropa siyosatchilari esa bu holatdan jiddiy xavotir bildirdi. Ularning fikricha, an’anaviy partiyalarning o‘ta o‘ngchilar bilan birlashishi Yevropa qadriyatlari uchun xavfli signal hisoblanadi. 

Yevropa parlamentidagi ayrim deputatlar bu voqeani “mas’uliyatsiz qaror” va “Yevropa uchun ogohlantirish” deb atadi.

Ruminiya oldida qanday xavf turibdi?

Ruminiya ayni paytda iqtisodiy jihatdan ham qiyin vaziyatda qolgan. Mamlakatda inflyatsiya keskin oshgan, byudjet tanqisligi esa Yevropa Ittifoqidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Mutaxassislarning aytishicha, agar avgust oyigacha kerakli iqtisodiy islohotlar bajarilmasa, Ruminiya qariyb 11 milliard yevrolik Yevropa Ittifoqi mablag‘idan ayrilishi mumkin. Bundan tashqari, davlat moliyaviy reytingining tushib ketish xavfi ham bor.

Ruminiyada siyosiy muammolar avval ham bo‘lgan. 2024-yilda prezidentlik saylovlari katta mojaro sabab bekor qilingan edi. O‘shanda chet el aralashuvi bo‘lgani gumon qilingan va saylovdagi asosiy nomzodlardan biri keyinchalik davlat to‘ntarishiga urinish ayblovi bilan sudga tortilgan.

Prezident oldida juda qiyin vazifa turibdi

Endi Ruminiya prezidenti Nikushor Dan partiya yetakchilari bilan muzokara o‘tkazib, yangi hukumat tuzishga harakat qiladi. U vaziyat qanchalik murakkab bo‘lmasin, Ruminiya G‘arb yo‘lidan qaytmasligini va davlat ishlashda davom etishini aytdi.

Siyosatchilar esa prezident oldida “eng og‘ir vazifalardan biri” turganini aytmoqda. Chunki agar partiyalar kelisha olmasa, mamlakatda konstitutsion inqiroz ham yuzaga kelishi mumkin.

O‘ngchilar kuchaymoqda

Jorje Simion o‘tgan yilgi prezidentlik saylovining birinchi bosqichida eng ko‘p ovoz olgandi, lekin keyin Nikushor Danga yutqazgan. Shundan beri uning millatchi partiyasi yanada kuchayib, hozir so‘rovnomalarda yetakchilik qilyapti.

Simion Ukrainaga yordamni kamaytirish tarafdori va Yevropa Ittifoqining migratsiya siyosatiga qarshi chiqadi. Shu sababli ko‘pchilik uning hokimiyatga yaqinlashayotganidan xavotirda. Prezident Dan esa uning partiyasini keyingi hukumat tarkibiga qo‘shmasligini ochiq aytgan.

Bolojan tarafdorlari sotsial-demokratlarni Simion bilan hamkorlik qilgani uchun “Yevropaga qarshi harakat” deb tanqid qildi. Hatto Yevropa sotsialistlaridan bu ittifoqni izohlash talab qilindi.

Mamlakatni endi kim boshqaradi?

Dastlab sotsial-demokratlar va Bolojan partiyasi yangi bosh vazir bilan yana koalitsiya tuzishi mumkin degan gaplar tarqaldi. Sotsial-demokratlar yetakchisi Sorin Grindyanu “hamma variant ochiq” ekanini aytdi.

Ammo keyinroq liberal partiya vakillari sotsialistlar bilan yangi hukumat tuzishga qarshi chiqdi. Shu sabab hozir mamlakat yana boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Agar kelishuv bo‘lmasa, prezident partiyalarga kuchli bog‘lanmagan texnokrat bosh vazir tayinlashi mumkin. Mutaxassislar fikricha, bunday variant investorlarni tinchlantirishi va Ruminiyaning Yevropaparast yo‘nalishini saqlab qolishga yordam berishi mumkin.

Теги :
Jamiyat