Oʻzbekiston energiya samaradorligi, narx hamyonbopligi va infratuzilma holatini baholovchi reytingga kiritilmadi
Tojikiston indeksda Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi o‘rinni egalladi. Mamlakat 53,6 ball bilan 120 ishtirokchi orasida 71-o‘rinni egalladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon Iqtisodiy Forumi (WEF) har yili energetik o‘tish indeksini eʼlon qiladi. Ushbu indeks energiya tizimining samaradorligini va uning barqaror modelga o‘tishga tayyorligini baholaydi. Joriy yilda O‘zbekiston reytingga kiritilmadi.
Tojikiston birinchi oʻrin
Tojikiston indeksda Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi o‘rinni egalladi. Mamlakat 53,6 ball bilan 120 ishtirokchi orasida 71-o‘rinni egalladi.
Bu ko‘rsatkich Tojikistonga qo‘shni Qozog‘iston (98-o‘rin, 50,1 ball) va Qirg‘izistondan (80-o‘rin, 52,7 ball) o‘zib ketish imkonini berdi. O‘zbekiston va Turkmaniston reytingga kiritilmadi.
Indeks nimalarga asoslanib tuziladi?
Energetik o‘tish indeksi (Energy Transition Index, ETI) butun dunyo mamlakatlari energiya tizimlarini ikki asosiy mezonga asoslangan kompleks baholashdir: energiya tizimining samaradorligi (60% vazn) va barqaror modelga o‘tishga tayyorligi (40% vazn). Umumiy ballga ta’sir etuvchi omillarga energiya narxi hamyonbopligi, barqarorlik, innovatsiyalar darajasi, infratuzilma holati, shuningdek, sohadagi siyosatni qo‘llab-quvvatlash va investitsiya faolligi kiradi.
Jahon reytingi
Jahon reytingida an’anaviy tarzda Shimoliy Yevropa mamlakatlari yetakchilik qilmoqda: Shvetsiya 78,4 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Daniya (75,2 ball) ikkinchi va Finlyandiya (74,5 ball) uchinchi o‘rinni egalladi. Jahon o‘rtacha ko‘rsatkichi 56,5 ballni tashkil etdi, bu Tojikiston natijalaridan bir oz yuqoriroq.
2024-yilda MDH va Kaspiybo‘yi davlatlari orasida yetakchi Ozarboyjon bo‘ldi, u 60,3 ball bilan 38-o‘rinni egalladi.



