Toshkentdagi eski yog‘ochli uylarni buzish boshlandi
Toshkentning Yangihayot tumanidagi “Yo‘ldosh” massivi, yoki xalq orasida “Sputnik” nomi bilan tanilgan hududda rekonstruksiya ishlari boshlanmoqda. 1966-yildagi zilziladan keyin qurilgan eski yog‘och uylar o‘rniga 93 ta 16-qavatli yangi turar joylar qurilishi rejalashtirilgan.
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrining Yangihayot tumanidagi “Yo‘ldosh” massivida (“Sputnik” nomi bilan mashhur) renovatsiya dasturi doirasida keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari olib borilishi rejalashtirilgan. Bu haqda Tashkent Invest xabar berdi.
2027-yilda yakunlanadi
Loyihani “GC-Group Industries” MChJ 2024–2027-yillar davomida amalga oshiradi. Rejaga koʻra, rekonstruksiya loyihasi 24 gektar maydonda amalga oshiriladi.
Shuningdek, hududda yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan 409 ta ikki qavatli yog‘och uy borligi ma’lum qilingan. Mazkur uy-joylar aholisi uchun “Gulshanobod” mahallasida “Yangi mahalla” turar-joy majmuasi quriladi.
Yog‘och uylar oʻrniga 16 qavatli 93 ta uy quriladi
“Yog‘och uylar” o‘rnida 13 ming 392 xonadondan iborat 16 qavatli 93 ta uy qurilishi rejalashtirilgan. Yangi uylar yonida 1 ming 600 o‘rinli maktab, 600 o‘rinli bog‘cha va sun’iy ko‘l boʻlgan infratuzilma yaratish rejalashtirilgan. Uylarning birinchi qavatlarini yashash uchun mo‘ljallanmagan, maishiy xizmat ko‘rsatish zonalari, yer usti va yer osti avtoturargohlariga aylantirish koʻzda tutilgan.
Hozirda aholi bilan shartnomalar tuzish ishlari davom etmoqda.



