Endilikda raqamli kriminalistika sohasida ham ilmiy-tadqiqotlar o‘tkaziladi
Qaror bilan, Ushbu nomdagi institutga raqamli kriminalistika bo‘yicha sud ekspertizalari va tadqiqotlarni o‘tkazish huquqi berilmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev “Raqamli kriminalistika sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.
Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga qo‘shimcha vazifalar
Qarorga ko‘ra, Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga (Akademiya) quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi, jumladan:
- raqamli kriminalistika sohasida innovasion tadqiqotlar olib borish, katta hajmdagi ma’lumotlar (“Big Data”), sun’iy intellekt va boshqa ilg‘or texnologiyalarni tahlil qilib, amaliyotga joriy etish;
- huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, olib qo‘yish, saqlash va tadqiq qilish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlari, tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlarini o‘tkazishda raqamli kriminalistika jihatidan amaliy yordam berish;
- raqamli ekspertizaning zamonaviy texnologiyalari va vositalarini joriy etish.
Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot institut tashkil qilinadi
Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-uslubiy markazi negizida Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti (Institut) tashkil etiladi.
2024-yil 1-avgustdan Institutga raqamli kriminalistika bo‘yicha sud ekspertizalari va tadqiqotlarni o‘tkazish huquqi beriladi.
Big Data ekspertizasi o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi
Institut sud-ekspertlik faoliyati qamrovini kengaytirish maqsadida 2024-yil yakunigacha katta hajmdagi ma’lumotlar (“Big Data”) ekspertizasi o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yadi.
“Raqamli dalillar yagona reyestri” idoralararo avtomatlashtirilgan tizimining sinov versiyasi 2025-yil 1-martgacha, 2025-yil 1-avgustgacha to‘liq versiyasi joriy etiladi.



