$
 12128.46
-36.78
 14304.31
-26.34
 159.04
-0.38
weather
+26
Кечаси   +14°

2 trillion dollarlik qurollanish poygasi: Qaysi davlatlar eng ko‘p pulni armiyaga sarflayapti?

armiya

2025-yilda dunyo bo‘yicha harbiy xarajatlar rekord darajaga chiqdi. Eng ko‘p pul sarflaydigan 15 ta davlat birgalikda 2 trillion dollardan ko‘proq mablag‘ni armiyaga yo‘naltirdi, umumiy global harbiy xarajatlar esa 2,6 trillion dollarga yetdi. Bu esa dunyoda siyosiy ustuvorliklar keskin o‘zgarayotganini ko‘rsatmoqda. Xo‘sh, qaysi mamlakat eng ko‘p pulni armiyaga sarflayapti?

Eng ko‘p pul sarflayotgan davlatlar

2025-yilda AQSh harbiy byudjeti 921 milliard dollarga yetdi. Bu boshqa yirik davlatlarning umumiy xarajatidan ham ko‘p. Hatto Xitoy, Rossiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Fransiya va Yaponiya birgalikda ham AQSh darajasiga yetolmayapti.

Ikkinchi o‘rinni 251,3 milliard dollar bilan band qildi. Bu mamlakat Osiyodagi harbiy xarajatlarning 44 foizini egallab, mintaqadagi ta’sirini kuchaytirib bormoqda. Rossiya esa 186,2 milliard dollar bilan uchinchi o‘rinda, undan keyin Germaniya (107,3 mlrd), Buyuk Britaniya (94,3 mlrd), Hindiston (78,3 mlrd), Saudiya Arabistoni (72,5 mlrd), Fransiya (70 mlrd), Yaponiya (58,9 mlrd) va boshqa davlatlar joylashgan.

Undan keyingi o‘rinlarni Ukraina (44,4 mlrd), Janubiy Koreya (43,8 mlrd), Italiya (40,1 mlrd), Isroil (39,7 mlrd), Avstraliya (37,3 mlrd) va Polsha (33,2 mlrd) kabi davlatlar egalladi. Shu bilan birga, AQShda 2027-yilgacha harbiy xarajatni 1,5 trillion dollargacha oshirish taklifi ham ilgari surilgan. Agar taklif amalga oshsa, bu tarixdagi eng katta ko‘rsatkichlardan biri bo‘ladi.

Rossiya va iqtisodiy bosim

Rossiya 2025-yilda harbiy xarajatlarini keskin oshirib, bir yil ichida 40 milliard dollardan ko‘proq qo‘shimcha sarf qildi. Bu mamlakat iqtisodiyotining 7,3 foiziga teng.

Lekin mutaxassislar 2026-yilda bu xarajatlar kamayishi mumkinligini aytmoqda. Bunga byudjet tanqisligi ortib borayotgani sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, neft narxining ko‘tarilishi Rossiyaga biroz yengillik berayotgani ham aytilmoqda.

Yevropa ham jiddiy qurollanyapti

So‘nggi yillarda eng katta o‘zgarish Yevropada kuzatilmoqda. Rossiya-Ukraina urushi va AQSh bosimi fonida Yevropa davlatlari endi armiyani shunchaki saqlab qolmay, balki faol ravishda kuchaytirmoqda. NATOga a’zo Yevropa davlatlari 2035-yilgacha mudofaa xarajatlarini YAIMning 3,5 foiziga yetkazishga kelishib olgan. Bu ular kelajakda taxminan 1,2 trillion dollar sarflashi mumkinligini anglatadi.

Hozirning o‘zida Germaniya va Buyuk Britaniya o‘z harbiy byudjetini keskin oshirgan. Umuman olganda, Yevropada harbiy xarajatlar eng tez o‘sayotgan yo‘nalishlardan biriga aylangan.

Теги :
Jamiyat