$
 12957.14
29.97
 14702.47
-15.11
 156.56
0.83
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Endilikda ulush asosida qurilish faqat kafolatlangan tizim orqali amalga oshiriladi

qurilish

27- yanvar kuni “Uy-joy qurilishi sohasini rivojlantirish va ulushdorlik asosidagi qurilish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, uy-joy va tijorat binolari qurilishida yangi tartiblar va himoya mexanizmlari joriy etiladi.

Qurilishga ulush kiritish jarayoni qanday tartibga solinadi? 

Farmonga ko‘ra, uy-joy qurilishida “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyili joriy etiladi. Bu tamoyil, avvalo, turar va noturar joy obyektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan. Shu bilan birga, mavjud yer resurslaridan samarali foydalanish orqali uy-joy qurilishini optimallashtirish ko‘zda tutilgan. 

Shuningdek, uy-joy qurilishi sohasida investitsiya loyihalarini tezroq amalga oshirish va muddatlarni qisqartirish choralari ko‘riladi. Ulush kiritish va ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olishning ishonchli hamda samarali imkoniyatlarini yaratish ham mazkur tamoyilning muhim jihatlaridan biridir. Bundan tashqari, uy-joylar qurilishida energiya samarador qurilish materiallaridan keng foydalanish va ularning ommalashtirilishini ta’minlash rejalashtirilgan.

Notarial shartnoma va "eskrou" hisobvaraqlari shart bo‘ladi 

Farmonga muvofiq, 2025-yil 1-iyuldan boshlab ulush kiritish asosida qurilish jarayoniga qat’iy tartiblar joriy etiladi. Endilikda, qurilish-pudrat tashkilotlari, developerlar va buyurtmachilar ulushdorlarning pul mablag‘larini jalb qilishni faqat notarial tasdiqlangan hamda kadastr organlarida davlat ro‘yxatidan o‘tgan shartnomalar asosida amalga oshiradi. 

Shuningdek, ulushdor tomonidan kiritilgan mablag‘lar vakolatli tijorat bankida quruvchi, ulushdor va bank o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida ochilgan “eskrou” hisobvarag‘iga joylashtiriladi va nazorat ostida bo‘ladi. Bu tizim ulushdorlarning uchinchi shaxslarga nisbatan majburiyatlarini cheklaydi, shuningdek, quruvchi majburiyatlarini bajarishi uchun moliyaviy kafolat yaratadi. Shu sababli, “eskrou” hisobvarag‘idagi mablag‘larni xatlash, hisobdan chiqarish yoki operatsiyalarni to‘xtatib turishga yo‘l qo‘yilmaydi. 

Bundan tashqari, qurilish jarayoni yanada barqaror va ishonchli bo‘lishi uchun yangi moliyaviy mexanizm ishlab chiqilgan. Quruvchi o‘z mablag‘lari hisobidan ob’ekt qurilishining kamida 30 foizini yakunlagandan so‘ng, tijorat banki unga maqsadli kredit ajratadi. Bu esa loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish va ulushdorlarning mablag‘larini himoya qilish uchun qo‘shimcha kafolat yaratadi.

Uy-joy qurilishida yangi elektron platforma ishga tushiriladi 

Farmonga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan boshlab qurilishga ulushdorlarning mablag‘larini jalb qilish ikki xil tartibda amalga oshiriladi. Ulushdorlar o‘z tanloviga qarab, mablag‘larni “eskrou” hisobvaraqlari orqali yoki hozirda amalda bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulushli ishtirok etish mexanizmi orqali jalb qilishlari mumkin. Ushbu parallel tizim 2025-yil 31-dekabrga qadar davom etadi. 

2026-yil 1-yanvardan esa faqatgina “eskrou” hisobvaraqlari orqali mablag‘ jalb qilish tizimi amaliyotga tatbiq etiladi.

Shuningdek, 2025-yil 1-iyuldan “Shaffof qurilish” axborot tizimi doirasida maxsus elektron platforma ishga tushiriladi. Ushbu platforma qurilish jarayonini shaffof va nazorat ostida olib borish imkonini yaratib, barcha kelishuvlar, ulushli shartnomalar va moliyaviy operatsiyalarni elektron shaklda yuritishga yordam beradi. 

Bundan tashqari, 2025-yil 1-iyulgacha ulushli shartnomalar bo‘yicha talab qilish va garov huquqlarini boshqa shaxsga o‘tkazish mexanizmini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Ushbu shartnomalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, soliq organlariga elektron shaklda taqdim etib boriladi. 

Ushbu yangi tizimlarni samarali joriy etish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida “Uy-joyning yagona hayotiy sikli” tamoyilini amalga oshirish bo‘yicha maxsus loyiha ofisi tashkil etiladi. Bu ofis butun jarayonni nazorat qilib, qurilish va moliyaviy mexanizmlarning samarali ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi.

Теги :
Jamiyat