197 nafar avtobus haydovchisi "qora ro‘yxat"ga kiritildi
Poytaxt ko‘chalarida qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan avtobus haydovchilari qora ro‘yxatga kiritilmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Poytaxt ko‘chalarida qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan avtobus haydovchilari qora ro‘yxatga kiritilmoqda. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ axborot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqdagi videolar
Joriy yilning 8-iyul kuni 67 va 18-sonli avtobuslar yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzganligi aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ushbu holat “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi, Transport nazorati inspeksiyasi boshlig‘i va mas’ul xodimlar ishtirokida tanqidiy muhokama qilinib, yo‘lovchilar hayotini xavf ostiga qo‘ygani, o‘z xizmat vazifasini suiste’mol qilib qo‘pol qoidabuzarlikni amalga oshirgani uchun ushbu haydovchilar bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi, deyiladi xabarda.
“Qora ro‘yxat” joriy qilindi
Ma’lumot berilishicha, qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgani uchun mehnat shartnomasi bekor qilingan haydovchilarning elektron bazasi, ya’ni, “Qora ro‘yxat” joriy etilgan bo‘lib, unga ko‘ra, ushbu haydovchilar avtobus saroyi filiallariga qayta ishga olinmasliklari qat’iy belgilangan. Hozirda ushbu ro‘yxatga kiritilgan haydovchilar soni 197 nafarni tashkil etmoqda. 18-sonli avtobus haydovchisi ham sodir etgan qoidabuzarligi uchun ushbu ro‘yxatga kiritilgan.



